Logo

“The Korea Times”: Islom sivilizatsiyasi markazi - Asrlar davomida ilm-fan va madaniyat beshigi bo‘lgan zaminga qaytish yo‘lini ochib bergan maskan

Mart 21, 2026. 14:25 • 3 daq

136
“The Korea Times”: Islom sivilizatsiyasi markazi - Asrlar davomida ilm-fan va madaniyat beshigi bo‘lgan zaminga qaytish yo‘lini ochib bergan maskan

TOSHKENT, 23-mart. /“Dunyo” IA/. Janubiy Koreyaning nufuzli “The Korea Times” nashrida “Uchinchi Renessans: Islom sivilizatsiyasi markazi - Yangi O‘zbekistonning ma’naviy va intellektual taraqqiyoti strategiyasi sifatida” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, markaz O‘zbekistonning qadimiy tarixiy merosi, ilmiy an’analari va zamonaviy rivojlanish yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan keng ko‘lamli madaniy-ma’rifiy majmua sifatida baholanadi. Ushbu loyiha mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish va islom sivilizatsiyasining insonparvarlik mohiyatini keng targ‘ib etishga xizmat qilishi ta’kidlangan.

Maqolada markaz Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida shakllantirilgan bo‘lib, uning konsepsiyasi O‘zbekistonning “Uchinchi Renessans” g‘oyasi bilan chambarchas bog‘liq ekanligiga alohida urg‘u beriladi. Ushbu yondashuv tarixiy ilmiy merosni qayta tiklash va uni zamonaviy ilm-fan hamda ta’lim tizimi bilan uyg‘unlashtirishni nazarda tutadi.

“The Korea Times” materialida markaz oddiy muzey emas, balki ilmiy-tadqiqot, ta’lim va xalqaro hamkorlikni birlashtirgan ko‘p funksiyali platforma sifatida tavsiflanadi. Majmua tarkibida zamonaviy texnologiyalar asosida ishlaydigan interaktiv ekspozitsiyalar, raqamli tizimlar va multimedia yechimlari joriy etilgani qayd etilgan.

Ta’kidlanishicha, markaz hududi taxminan 10 gektarni tashkil etadi va uning me’moriy yechimi an’anaviy hamda zamonaviy uslublarning uyg‘unligini ifodalaydi. Kompleks tarkibida 65 metr balandlikdagi moviy gumbaz, to‘rt ramziy darvoza va turli hududlarni ifodalovchi me’moriy elementlar mavjud bo‘lib, ular mamlakatning birlik va yaxlitligini ifodalaydi. Shuningdek, binoning tashqi va ichki bezaklarida Temuriylar davri an’analari zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashgan.

Materialda markazning ichki mazmuni ham batafsil yoritilgan. Ekspozitsiyalarda minglab noyob artefaktlar, qadimiy qo‘lyozmalar va tarixiy eksponatlar namoyish etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular Markaziy Osiyoning jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini aks ettiradi. Shu bilan birga, tashrif buyuruvchilarga virtual reallik, sun’iy intellekt va multimedia texnologiyalari asosida interaktiv tajriba taqdim etiladi.

Shuningdek, markaz tarkibida “Sivilizatsiyalar devori” kabi innovasion ekspozitsiyalar mavjud bo‘lib, unda inson tafakkurining tarixiy rivojlanishi namoyish etiladi. “Vaqt kapsulasi” esa tashrif buyuruvchilarga kelajak avlodlarga murojaat qoldirish imkonini beradi. Bolalar uchun esa “1001 ixtiro” laboratoriyasi tashkil etilgan bo‘lib, u yosh avlodning ilm-fanga qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.

Markazning yana bir muhim tarkibiy qismi - 1 milliondan ortiq kitobni o‘z ichiga olgan kutubxona bo‘lib, u uni mintaqadagi yirik ilmiy-ma’rifiy platformalardan biriga aylantiradi.

Nashrda qayd etilishicha, loyiha amalga oshirilishida 40 dan ortiq mamlakatdan 2 mingdan ziyod mutaxassis va tadqiqotchilar ishtirok etgan bo‘lib, bu markazning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini yanada oshiradi. Shu bilan birga, markaz xalqaro tashkilotlar va ilmiy doiralar tomonidan ham keng e’tirof etilmoqda.

Nashr O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikka ham alohida to‘xtalib, vizasiz rejim joriy etilishi va aloqalarning faollashuvi natijasida sayyohlar oqimi sezilarli oshganini qayd etadi.

Umuman olganda, “The Korea Times” materialida Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat milliy loyiha, balki global madaniy, ilmiy va intellektual hamkorlik uchun muhim platforma sifatida baholanib, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotgani ta’kidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish