Logo

Pokiston OAV: Navro‘z – tabiat bilan uyg‘unlik, insonlar o‘rtasidagi do‘stlik va birdamlik ramzi

Mart 24, 2026. 15:54 • 2 daq

77
Pokiston OAV: Navro‘z – tabiat bilan uyg‘unlik, insonlar o‘rtasidagi do‘stlik va birdamlik ramzi

ISLOMOBOD, 24-mart. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The World News”, “The Gulf Observer” va “Infora News” elektron nashrlarida “Dunyo” axborot agentligi tomonidan tayyorlangan “Navro‘z – bahor, birdamlik va madaniy an’analar ramzi” sarlavhali maqola e’lon qilindi.

“Navro‘z insoniyat tarixidagi eng qadimiy mavsumiy bayramlardan biri bo‘lib, u tabiatning uyg‘onishi, yangi yil boshlanishi va jamiyatdagi hamjihatlik g‘oyalarini ifodalaydi. Ushbu bayram Markaziy Osiyo, Eron, Kavkaz, Yaqin Sharq hamda Janubiy Osiyo xalqlari madaniyatida muhim o‘rin egallagan bo‘lib, u ko‘p asrlik sivilizatsiyaviy an’analarning davomiyligini aks ettiradi”, – deyilgan maqolalarda.

Qayd etilishicha, tarixiy manbalarga ko‘ra, Navro‘z an’anasi kamida uch ming yillik tarixga ega. Bu haqda Abu Rayhon Beruniy o‘zining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida batafsil ma’lumot bergan.

Navro‘z qadimgi eroniy va turkiy xalqlar kalendar tizimi bilan bog‘liq bo‘lib, bahorgi tengkunlik paytida nishonlangan. Navro‘zning paydo bo‘lishi astronomik hodisalar bilan bevosita bog‘liq. Bahorgi tengkunlik vaqtida Quyosh ekliptika bo‘ylab harakatlanib, Hamal burjiga kiradi va kun bilan tun tenglashadi. Qadimgi xalqlar ushbu tabiiy hodisani yangi yilning boshlanishi sifatida talqin qilgan. Shu sababli, Navro‘z qadimdan tabiat uyg‘onishi, hosildorlik va hayotning yangilanishi ramzi sifatida qaralgan.

Pokiston OAV yozganidek, bayram O‘zbekiston, Eron, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Hindiston va Pokiston kabi mamlakatlarda turli shakllarda nishonlanadi. Uning umumiy g‘oyasi – tabiat bilan uyg‘unlik, insonlar o‘rtasidagi do‘stlik va jamiyatdagi birdamlikni mustahkamlashdan iborat.

“Navro‘zning xalqaro miqyosdagi ahamiyati alohida e’tirof etilgan. 2009-yilda YUNESKO Navro‘zni insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritdi. Keyinchalik Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 21-martni Xalqaro Navro‘z kuni deb e’lon qilib, bayramning xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalar va o‘zaro hurmatni mustahkamlashdagi rolini alohida ta’kidladi”, – deya urg‘ulangan manbalarda.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish