Logo

“El Mundo Financiero”: Islom sivilizatsiyasi markazi Yangi O‘zbekistonning maʼnaviy yuksalish strategiyasiga aylanmoqda

Mart 23, 2026. 10:30 • 2 daq

240
“El Mundo Financiero”: Islom sivilizatsiyasi markazi Yangi O‘zbekistonning maʼnaviy yuksalish strategiyasiga aylanmoqda

MADRID, 23-mart. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning yetakchi nashrlaridan biri “El Mundo Financiero” nashrida “Uchinchi Renessans: Islom sivilizatsiyasi markazi Yangi O‘zbekistonning maʼnaviy-intellektual yuksalish strategiyasi sifatida” sarlavhali tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Materialda yozilishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi mamlakatning tarixiy ilmiy merosini zamonaviy innovatsiyalar bilan uyg‘unlashtirishga asoslangan. Bu jarayonda Toshkentda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi muhim ahamiyatga egadir.

Ispan nashri ushbu markaz ko‘lamini “Intellektual megaloyiha” sifatida baholagan. Qayd etilishicha, loyihaning asosiy maqsadi islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini ochib berish hamda Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan buyuk allomalar – Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek va Imom Buxoriy kabi daholarning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasini keng targ‘ib qilishdan iborat.

“Bu shunchaki muzey emas, balki tirik ilm-fan makonidir”, deb yozadi nashr. Markazda noyob qo‘lyozmalar fondi, zamonaviy kutubxona, raqamlashtirish laboratoriyalari va ilmiy-tadqiqot bo‘limlari faoliyat yuritishi xalqaro ilmiy doiralar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

“El Mundo Financiero” markazning xalqaro maydondagi ahamiyatiga to‘xtalib, uning YUNESKO, IHT, ISESKO kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorligini alohida qayd etgan.

Maqola xulosasida aytilishicha, O‘zbekiston ushbu loyiha orqali nafaqat o‘z tarixiy merosini tiklamoqda, balki mintaqada tinchlik, bag‘rikenglik va maʼrifat markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish