Logo

“The Korea Times”: Islom sivilizatsiyasi markazi - Asrlar davomida ilm-fan va madaniyat beshigi bo‘lgan zaminga qaytish yo‘lini ochib bergan maskan

Mart 23, 2026. 21:20 • 3 daq

55
“The Korea Times”: Islom sivilizatsiyasi markazi - Asrlar davomida ilm-fan va madaniyat beshigi bo‘lgan zaminga qaytish yo‘lini ochib bergan maskan

TOSHKENT, 23-mart. /“Dunyo” IA/.  Janubiy Koreyaning nufuzli “The Korea Times” nashrida “Uchinchi Renessans: Islom sivilizatsiyasi markazi - Yangi O‘zbekistonning maʼnaviy va intellektual taraqqiyoti strategiyasi sifatida” sarlavhali tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, markaz O‘zbekistonning qadimiy tarixiy merosi, ilmiy anʼanalari va zamonaviy rivojlanish yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan keng ko‘lamli madaniy-maʼrifiy majmua sifatida baholanadi. Ushbu loyiha mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish va islom sivilizatsiyasining insonparvarlik mohiyatini keng targ‘ib etishga xizmat qilishi taʼkidlangan.

Maqolada markaz Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida shakllantirilgan bo‘lib, uning konsepsiyasi O‘zbekistonning “Uchinchi Renessans” g‘oyasi bilan chambarchas bog‘liq ekanligiga alohida urg‘u beriladi. Ushbu yondashuv tarixiy ilmiy merosni qayta tiklash va uni zamonaviy ilm-fan hamda taʼlim tizimi bilan uyg‘unlashtirishni nazarda tutadi.

“The Korea Times” materialida markaz oddiy muzey emas, balki ilmiy-tadqiqot, taʼlim va xalqaro hamkorlikni birlashtirgan ko‘p funksiyali platforma sifatida tavsiflanadi. Majmua tarkibida zamonaviy texnologiyalar asosida ishlaydigan interaktiv ekspozitsiyalar, raqamli tizimlar va multimedia yechimlari joriy etilgani qayd etilgan.

Taʼkidlanishicha, markaz hududi taxminan 10 gektarni tashkil etadi va uning meʼmoriy yechimi anʼanaviy hamda zamonaviy uslublarning uyg‘unligini ifodalaydi. Kompleks tarkibida 65 metr balandlikdagi moviy gumbaz, to‘rt ramziy darvoza va turli hududlarni ifodalovchi meʼmoriy elementlar mavjud bo‘lib, ular mamlakatning birlik va yaxlitligini ifodalaydi. Shuningdek, binoning tashqi va ichki bezaklarida Temuriylar davri anʼanalari zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashgan.

Materialda markazning ichki mazmuni ham batafsil yoritilgan. Ekspozitsiyalarda minglab noyob artefaktlar, qadimiy qo‘lyozmalar va tarixiy eksponatlar namoyish etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular Markaziy Osiyoning jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini aks ettiradi. Shu bilan birga, tashrif buyuruvchilarga virtual reallik, sunʼiy intellekt va multimedia texnologiyalari asosida interaktiv tajriba taqdim etiladi.

Shuningdek, markaz tarkibida “Sivilizatsiyalar devori” kabi innovatsion ekspozitsiyalar mavjud bo‘lib, unda inson tafakkurining tarixiy rivojlanishi namoyish etiladi. “Vaqt kapsulasi” esa tashrif buyuruvchilarga kelajak avlodlarga murojaat qoldirish imkonini beradi. Bolalar uchun esa “1001 ixtiro” laboratoriyasi tashkil etilgan bo‘lib, u yosh avlodning ilm-fanga qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.

Markazning yana bir muhim tarkibiy qismi - 1 milliondan ortiq kitobni o‘z ichiga olgan kutubxona bo‘lib, u uni mintaqadagi yirik ilmiy-maʼrifiy platformalardan biriga aylantiradi.

Nashrda qayd etilishicha, loyiha amalga oshirilishida 40 dan ortiq mamlakatdan 2 mingdan ziyod mutaxassis va tadqiqotchilar ishtirok etgan bo‘lib, bu markazning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini yana-da oshiradi. Shu bilan birga, markaz xalqaro tashkilotlar va ilmiy doiralar tomonidan ham keng eʼtirof etilmoqda.

Nashr O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikka ham alohida to‘xtalib, vizasiz rejim joriy etilishi va aloqalarning faollashuvi natijasida sayyohlar oqimi sezilarli oshganini qayd etadi.

Umuman olganda, “The Korea Times” materialida Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat milliy loyiha, balki global madaniy, ilmiy va intellektual hamkorlik uchun muhim platforma sifatida baholanib, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotgani taʼkidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish