Logo

“The Times of India”: O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi - tarixiy meros va zamonaviy innovatsiyalar uchrashgan nuqta

Mart 23, 2026. 21:13 • 3 daq

42
“The Times of India”: O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi - tarixiy meros va zamonaviy innovatsiyalar uchrashgan nuqta

TOSHKENT, 23-mart. /“Dunyo” IA/.  Hindistonning nufuzli “The Times of India” nashrida “O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – “Uchinchi Renessans” g‘oyasining ifodasi” sarlavhali tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Materialda qayd etilishicha, Markaz Markaziy Osiyoning ilmiy va madaniy merosini zamonaviy yondashuvlar asosida qayta talqin etuvchi noyob platforma sifatida shakllanmoqda. U nafaqat muzey, balki ilmiy-tadqiqot, taʼlim va xalqaro hamkorlikni o‘zida mujassam etgan ko‘p funksiyali markaz sifatida baholandi.

Nashrda taʼkidlanishicha, majmua taxminan 10 gektar hududni egallaydi va uning markaziy meʼmoriy elementi sifatida 65 metr balandlikdagi moviy gumbaz barpo etilgan. Kompleks tarkibida to‘rt ramziy darvoza mavjud bo‘lib, ular mamlakat hududlarining birligini ifodalaydi. Meʼmoriy yechimda Temuriylar davri anʼanalari zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashtirilgani qayd etilgan.

“The Times of India” maqolasida markaz ichki tuzilishi ham batafsil yoritilgan. Unda turli tarixiy davrlarni qamrab oluvchi ekspozitsiyalar, minglab nodir qo‘lyozmalar va artefaktlar namoyish etilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, Islom sivilizatsiyasi rivojida Markaziy Osiyoning tutgan o‘rni keng yoritiladi.

Markaz konsepsiyasi doirasida tashrif buyuruvchilarga zamonaviy texnologiyalar asosida interaktiv tajriba taqdim etiladi. Virtual reallik, multimedia tizimlari va raqamli yechimlar orqali tarixiy jarayonlar jonlantiriladi, bu esa ekspozitsiyani yana-da tushunarli va qiziqarli shaklda taqdim etishga xizmat qiladi.

Nashrda markazning ilmiy infratuzilmasi ham alohida qayd etilgan. Xususan, 1 milliondan ortiq kitob fondiga ega kutubxona, tadqiqot laboratoriyalari va restavratsiya markazlari uning ilmiy salohiyatini yana-da oshiradi.

“The Times of India” tahliliga ko‘ra, ushbu loyiha O‘zbekistonning tarixiy merosini qayta tiklash bilan birga, uni global ilmiy va madaniy makonga integratsiya qilishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, markaz xalqaro hamkorlik uchun ochiq platforma sifatida ko‘rilib, turli mamlakatlar mutaxassislari, tadqiqotchilari va tashkilotlari ishtirokida shakllantirilgan.

Maqolada alohida urg‘u berilishicha, Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning “Uchinchi Renessans” konsepsiyasini amalda ro‘yobga chiqarishga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri bo‘lib, u mamlakatning ilm-fan, taʼlim va madaniyat sohalaridagi intilishlarini xalqaro miqyosda namoyon etadi.

Umuman olganda, “The Times of India” materialida Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy meros va zamonaviy innovatsiyalarni uyg‘unlashtirgan holda, O‘zbekistonni global ilmiy va madaniy hamkorlik markazlaridan biri sifatida namoyon etuvchi strategik loyiha ekani taʼkidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish