Logo

Qishloq xo‘jaligida ilg‘or tajriba va yangi texnologiyalar namoyish qilindi

Fevral 07, 2026. 16:10 • 2 daq

115
Qishloq xo‘jaligida ilg‘or tajriba va yangi texnologiyalar namoyish qilindi
Qishloq xo‘jaligida ilg‘or tajriba va yangi texnologiyalar namoyish qilindi
Qishloq xo‘jaligida ilg‘or tajriba va yangi texnologiyalar namoyish qilindi

IZMIR, 9-fevral. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning Izmir shahrida bo‘lib o‘tgan nufuzli “International Agriculture & Livestock Exhibition” xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston Fermerlar kengashi aʼzolari ham faol ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur ko‘rgazma qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasidagi zamonaviy texnologiyalar, innovatsion yechimlar va ilg‘or agrotexnik tajribalarni namoyish etishda muhim ahamiyat kasb etdi.

O‘zbekistondan tashrif buyurgan 74 nafar fermer ko‘rgazmada bevosita qatnashib, qishloq xo‘jaligining turli yo‘nalishlarida joriy etilayotgan zamonaviy texnologiyalar, yuqori unumdor uskunalar, urug‘chilik, sug‘orish tizimlari, agroximiya, raqamli agrotexnologiyalar hamda chorvachilikdagi ilg‘or yechimlar bilan yaqindan tanishdi. Bu fermerlarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, zamonaviy yondashuvlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘rganish imkonini berdi.

Ko‘rgazma doirasida g‘allachilik va paxtachilik sohalarida Turkiya tajribasini o‘rganishga alohida eʼtibor qaratildi. Turkiya qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalar, yuqori hosildor navlar, mexanizatsiya darajasi, agrotexnik jarayonlarni raqamlashtirish va mahsulot tannarxini pasaytirish bo‘yicha erishgan yutuqlar o‘zbekistonlik fermerlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tomchilatib sug‘orish, aniq meʼyorda o‘g‘itlash, tuproq tahlili asosida ishlash kabi amaliyotlar batafsil o‘rganildi.

G‘allachilik yo‘nalishida yuqori hosildor va qurg‘oqchilikka chidamli navlar, zamonaviy urug‘ ekish agregatlari, mineral o‘g‘itlarni aniq taqsimlash uskunalari hamda yig‘im-terim texnikasi bilan tanishildi. Bu tajribalarni joriy etish orqali yer unumdorligini oshirish, suv va o‘g‘it sarfini kamaytirish hamda hosildorlikni oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Paxtachilik sohasida tomchilatib sug‘orish, yuqori samarali terim mashinalari, agrotexnik jarayonlarni optimallashtirish hamda paxta xomashyosidan qo‘shimcha qiymat yaratish bo‘yicha ilg‘or yechimlar o‘rganildi. Turkiya tajribasida paxta yetishtirishda suv tejamkor usullar, mexanizatsiya va agroxizmatlarni kompleks tashkil etish orqali tannarxni sezilarli darajada pasaytirishga erishilgani taʼkidlandi.

Ko‘rgazma doirasida fermerlar xorijiy kompaniyalar, agrotexnologiya ishlab chiqaruvchilari va servis provayderlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar o‘tkazib, uskunalarni yetkazib berish, tajriba almashish va kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Ayrim kompaniyalar tomonidan O‘zbekistonda pilot loyihalarni amalga oshirish va agrotexnologiyalarni joriy etish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Ko‘rgazma yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Fermerlar kengashi aʼzolari tomonidan Turkiyaning ilg‘or agrotexnologiyalarini bosqichma-bosqich joriy etish, fermerlar o‘rtasida tajriba almashish seminarlarini tashkil etish, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va pilot loyihalarni amalga oshirish rejalashtirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish