YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 2025-yildagi 43-sessiyasining Samarqandda o'tkazilishi O'zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi nufuzini jahon miqyosida targ'ib qilishga xizmat qiladi
Noyabr 24, 2023. 08:00 • 4 daq
• 1064
PARIJ, 24-noyabr. /«Dunyo» AA/. YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 2025-yildagi 43-sessiyasi Samarqand shahrida bo'lib o'tadi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Bu haqdagi qaror 7-22-noyabr kunlari Parijda bo'lib o'tgan YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 42-sessiyasi yakunlari bo'yicha bir ovozdan qabul qilindi. Ushbu qaror O'zbekiston uchun katta diplomatik yutuq bo'ldi, chunki YUNЕSKO so'nggi 40 yil ichida birinchi marta o'z sessiyasini boshqa davlat hududida o'tkazilishini e’lon qildi.
Samarqandning ushbu jahon miqyosidagi tadbirni o'tkazish joyi sifatida tanlanishi mamlakatimizning madaniyat, fan va ta’lim sohasidagi yutuqlari hamda boy tarixiy va madaniy merosining yaqqol e’tirofi bo'ldi.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev barcha xorijiy do'stlarimiz va sheriklarimizga YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini 2025-yilda qadim Samarqandda o'tkazish to'g'risidagi tarixiy qarorni qo'llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.
«Ko'pmillatli O'zbekiston xalqi nomidan va shaxsan o'z nomimdan barcha xorijiy do'stlarimiz va sheriklarimizga YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini 2025-yilda qadim Samarqandda o'tkazish to'g'risidagi tarixiy qarorni qo'llab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorlik bildiraman, - deb yozdi davlatimiz rahbari telegram kanalida. - Mintaqamizda birinchi marta o'tadigan ushbu muhim global miqyosdagi tadbir xalqaro hamjamiyatga O'zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarining ulkan sivilizatsion salohiyatini yana bir bor namoyish etishga xizmat qiladi, deb ishonaman.
O'z navbatida, O'zbekiston bo'lajak sessiyani eng yuqori saviyada tashkil etish va o'tkazish uchun barcha kuchini safarbar etadi».
«Dunyo» AA muxbiri YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 42-sessiyasining ayrim ishtirokchilari bilan suhbatlashdi.
Islom hamkorlik tashkilotining (AYSЕSKO) YUNЕSKO huzuridagi doimiy kuzatuvchilar missiyasining aloqa bo'yicha ofitseri Somiya Jakta:
– AYSЕSKOning YUNЕSKO huzuridagi Doimiy kuzatuvchilar missiyasi nomidan O'zbekistonni Samarqand shahri 2025-yilda YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o'tkaziladigan joy etib e’lon qilingani bilan samimiy tabriklayman. Shu kunlarda Parijda bo'lib o'tayotgan YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 42-sessiyasida mamlakatingiz delegatsiyasi tashkilotning navbatdagi sessiyasini Samarqandda o'tkazish to'g'risidagi O'zbekiston taklifini ilgari surish borasida katta ishlarni amalga oshirdi. Natijada 2025-yilda YUNЕSKO O'zbekistonda taqdim etiladi.
Mamlakatingizni ushbu ajoyib voqea bilan yana bir bor tabriklayman.
Qirg'izistonning YUNЕSKO huzuridagi doimiy vakili, elchi Sodiq Sher-Niyoz:
– O'zbekistonni ushbu chinakam buyuk g'alaba bilan katta mamnuniyat va quvonch bilan tabriklayman. YUNЕSKO ko'p yillar davomida Parijdagi shtab-kvartirasidan tashqarida Bosh konferensiya sessiyasini o'tkazmagan edi.
O'ylaymanki, bu nafaqat O'zbekistonga, balki yaqin atrofdagi barcha davlatlar – Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va butun Markaziy Osiyo mamlakatlariga katta turtki beradi. Bu madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy sohalarni rivojlantirish uchun ilhomlantiruvchi salohiyat hamdir. Endi barcha yo'llar Samarqandga eltadi.
Gabonning YUNЕSKO huzuridagi doimiy vakili, elchi Reychel Annik Ogula Akiko:
– YUNЕSKO Bosh konferensiyasi 42-sessiyasining navbatdagi, 43-sessiyani Samarqand shahrida o'tkazish to'g'risidagi qarorini olqishlayman. O'zbekiston katta davlat. YUNЕSKO dunyoga ochiq tashkilotdir. 2022-yil dekabr oyida YUNЕSKO tomonidan ta’lim bo'yicha xalqaro konferensiya tashkil etilganida Samarqandga tashrif buyurish imkoniga ega bo'lgan edim. Faxriy mehmon sifatida mening yurtim Gabon taklif qilindi. YUNЕSKO Bosh konferensiyasining navbatdagi sessiyasi ushbu go'zal shaharda bo'lib o'tayotganida Samarqandga ikkinchi marta borishimdan juda xursandman.
Quvaytning YUNЕSKO huzuridagi doimiy vakili, elchi Adam Al Mulla:
– O'zbekiston, uning xalqi va hukumatini ushbu muhim voqea bilan chin qalbimdan tabriklayman. Tashkilotning barcha davlatlari va a’zolari O'zbekistonning Bosh konferensiyaning navbatdagi 43-sessiyasini 2025-yilda Samarqand shahrida o'tkazish to'g'risidagi taklifini qo'llab-quvvatladi. Ma’lumki, 40 yil davomida Bosh konferensiyaning birorta ham sessiyasi Parijdan tashqarida o'tkazilmagan. Samarqand - bu ko'p yillik amaliyotni buzish uchun ajoyib shahar.
Shubhasiz, bu O'zbekistonning ta’lim, madaniyat, yoshlar siyosati, ya’ni YUNЕSKO vakolatiga kirgan sohalardagi yutuqlarini namoyish etish imkonini beradigan ulkan tadbir bo'ladi. Mazkur anjuman O'zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi nufuzini jahon miqyosida targ'ib qilishga xizmat qiladi.
YUNЕSKOga a’zo davlatlar juda to'g'ri qarorga kelganidan barchamiz xursandmiz. Bosh konferensiyaning barcha ishtirokchilari yurtingiz go'zalligi va xalqingiz mehmondo'stligidan bahramand bo'lish uchun O'zbekistonga borishni intiqlik bilan kutadi.
Yana bir bor O'zbekiston xalqi va hukumatiga tabriklarimni yo'llayman.
Ruminiyaning YUNЕSKO huzuridagi doimiy vakili, Bosh konferensiyaning 42-sessiyasi raisi, elchi Simona-Mirela Mikulesku:
– O'zbekiston xalqi va hukumatini ushbu tarixiy muvaffaqiyat bilan tabriklashdan mamnunman. YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 42-sessiyasiga raisligim davomida ushbu muhim qaror qabul qilinganidan juda xursandman. Sharqiy yevropalik, ruminiyalik sifatida men dunyoning ushbu qismi qanday mehmondo'stlik ko'rsatishi mumkinligini butun dunyoga ko'rsata olishimizdan faxrlanaman. Ayniqsa, O'zbekiston delegatsiyasi a’zolarining tajribasi, ushbu muhim qarorga olib kelgan butun jarayon meni hayratda soldi. Ular kechayu kunduz ishladilar, diplomatlardek, men ushbu jarayonni qanday og'ir kechganini bilaman. Men ularni chin yurakdan tabriklayman. Bu muvaffaqiyat global ahamiyatga ega. O'zbekiston rahbariyati, davlat hokimiyati va diplomatiyasi shunchaki ajoyib. Sizda O'zbekiston naqadar go'zal ekanligini butun dunyoga ko'rsatish uchun ajoyib imkoniyat bor.
Venesuelaning YUNЕSKO huzuridagi doimiy vakili, elchi Rodulfo Humberto Peres Ernandes:
- Fursatdan foydalanib, men Venesuela Bolivar Respublikasi nomidan murojaat qilmoqchiman. O'zbekiston hukumati va xalqini ushbu favqulodda g'alaba bilan tabriklayman. Bu voqea butun ko'p qutbli dunyo uchun haqiqat onlari bo'lib, barcha odamlar teng huquqli ekanligini isbotladi. Samarqandda ko'rishguncha! O'zbekistonni ushbu g'alaba bilan tabriklaymiz! Mening mamlakatim Venesuela, siz bilan!
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Kenji Hirata: Yaponiya–O‘zbekiston munosabatlari yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot