O‘zbekiston tashabbusi bilan 29-aprel – Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni deb eʼlon qilindi
Aprel 29, 2026. 10:25 • 4 daq
• 444
TOSHKENT, 29-aprel. /“Dunyo” AA/. BMT Bosh kotibining tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha maxsus vakili Kamal Kishor “Dunyo” AA muxbiriga 29-aprel – Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni munosabati bilan intervyu berdi.
– 2025-yilda BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan 29-aprel – Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni deb eʼlon qilindi. BMT nega aynan O‘zbekistonda ushbu kunga bag‘ishlangan tadbirni o‘tkazishni maʼqulladi va bu sana dunyo uchun qanday ahamiyatga ega?
– Savolingiz uchun rahmat. Avvalo, ushbu tashabbusni ilgari surgan O‘zbekiston rahbariyatini alohida eʼtirof etmoqchiman. 29-aprelni xalqaro xotira kuni sifatida belgilash juda muhim qadam.
Zilzilalar – insoniyat uchun eng xavfli tabiiy ofatlardan biri. Har o‘n yilda yuz minglab odamlar hayotdan ko‘z yummoqda. Masalan, so‘nggi yillarda Turkiya va Suriyadagi kuchli zilzilalar 60 mingdan ortiq insonning hayotiga zomin bo‘ldi. Shuningdek, Afg‘oniston, Myanma va Filippinlarda ham jiddiy zilzilalar kuzatilgan. Bugungi kunda dunyo bo‘ylab 800 milliondan ortiq odam seysmik xavf yuqori bo‘lgan hududlarda yashaydi.
Shu sababli, bu xalqaro kun juda muhim – u odamlarni zilzila xavfi haqida xabardor qiladi va jamiyatni tayyorgarlikka undaydi. Chunki zilzila kam sodir bo‘lgani uchun ko‘pincha unutilgan xavfga aylanadi. O‘zbekiston tashabbusi esa buni doim yodda saqlashga yordam beradi.
Bu borada uchta asosiy yo‘nalish bor:
Birinchidan, aholining xabardorligini oshirish kerak. Maktablar, shifoxonalar, mahallalar – hamma zilzila paytida qanday harakat qilishni bilishi shart. Masalan, oddiy “egil – yashirin – ushlab tur” qoidasi keng targ‘ib qilinishi kerak. Shuningdek, har bir xonadon favqulodda holatlarga tayyor bo‘lishi muhim.
Ikkinchidan, mavjud xavflarni kamaytirish lozim. Masalan, binolarni mustahkamlash, uy jihozlarini devorga mahkamlash kabi oddiy choralar ham inson hayotini saqlab qolishi mumkin.
Uchinchidan, yangi qurilayotgan barcha binolar – uy-joylar, maktablar, shifoxonalar va boshqa inshootlar – zilzilabardosh standartlar asosida qurilishi shart. Chunki ko‘p hollarda odamlar zilzilaning o‘zi emas, balki sifatsiz binolar tufayli halok bo‘ladi.
Shuningdek, 29-aprel sanasining o‘zi ham ramziy ahamiyatga ega. Chunki 1966-yil aynan shu kunlarda Toshkentda kuchli zilzila bo‘lgan. Bu tarixiy voqea bu tashabbusga yana-da chuqur maʼno beradi.
– Markaziy Osiyo davlatlari Favqulodda vaziyatlar vazirlari o‘rtasida qo‘shma bayonnoma imzolanishi rejalashtirilgan. Sizningcha, seysmik faol hududda joylashgan Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ofatlar xavfini kamaytirishda bunday transchegaraviy hamkorlik qanchalik muhim va BMT bu jarayonni qanday qo‘llab-quvvatlaydi?
– Bu juda muhim. Chunki tabiiy ofatlar chegara tanlamaydi. Zilzila, suv toshqini, issiq to‘lqinlari yoki chang bo‘ronlari bir davlatda boshlanib, boshqasiga ham taʼsir qiladi.
Masalan, Turkiyadagi zilzila Suriyaga ham katta zarar yetkazgan. Shuning uchun davlatlar birgalikda ishlashi, tajriba almashishi va umumiy rejalar tuzishi kerak.
Ayrim hollarda esa bir davlatning o‘zi yetarli chora ko‘ra olmaydi. Masalan, transchegaraviy daryolarda toshqinni bashorat qilish uchun bir nechta davlatdan maʼlumot kerak bo‘ladi.
O‘zbekiston bu yo‘nalishda yetakchilik qilmoqda. 2021-yilda Toshkentda Markaziy Osiyo uchun tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha ilk mintaqaviy strategiya qabul qilingan. Bugungi tashabbuslar shu ishlarning davomidir.
– Seysmik xavfsizlikni taʼminlashda ilg‘or xorijiy tajriba va innovatsion texnologiyalar taqdimoti muhim ahamiyatga ega. BMT nigohida zilzilalarga bardoshli shaharlar barpo etish va aholining seysmik madaniyatini oshirishda eng samarali deb topilgan global yechimlar nimalardan iborat?
– Buning uchun uchta asosiy omil muhim ahamiyat kasb etadi.
Birinchidan, ilmiy asoslangan qurilish meʼyorlari bo‘lishi kerak. Har bir hududning seysmik holatiga qarab, maxsus talablar joriy etilishi lozim. Eng muhimi – bu qoidalar amalda to‘liq bajarilishi shart.
Ikkinchidan, aholi yaxshi xabardor bo‘lishi kerak. Har bir inson zilzila paytida nima qilishni bilishi zarur.
Uchinchidan, barcha darajadagi boshqaruv organlari milliy, hududiy va mahalliy o‘zaro hamkorlikda ishlashi kerak. Faqat birgalikda harakat qilinsa, samarali natijaga erishish mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi