Logo

Abdulla Qodiriyning "O'tkan kunlar" romani koreys tiliga tarjima qilindi

Iyul 07, 2025. 16:14 • 4 daq

172
Abdulla Qodiriyning "O'tkan kunlar" romani koreys tiliga tarjima qilindi

SEUL, 7-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbek romanchilik maktabining asoschisi Abdulla Qodiriyning "O'tkan kunlar" romani koreys tiliga tarjima qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Asar tarjimasi Kemyong universiteti professori Kim Chung Sun tomonidan amalga oshirildi.

Kitobni tarjima qilish va uni nashr etish jarayoni qariyb 2,5 yil davom etdi. Bu vaqt mobaynida roman tarjimasi mukammal chiqishi uchun tarjimon tomonidan ko'plab izlanishlar olib bordi. Xususan, tarjimani koreys kitobxonlariga yana-da tushunarli va qiziqarli yetkazish maqsadida professor Kim Chung Sun 21-31-mart kunlari O'zbekistonda bo'ldi. Safar davomida Abdulla Qodiriy uy-muzeyi hamda asar voqealari bo'lib o'tgan shaharlar – Toshkent, Marg'ilon, Qo'qon, Farg'onada qator uchrashuvlar o'tkazdi. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professor-o'qituvchilari bilan tarjima jarayoni yuzasidan fikr almashdi.

Janubiy Koreyalik tarjimon, shuningdek, Abdulla Qodiriyning nevarasi Xondamir Qodiriy bilan uchrashib, adib haqida va umuman "O'tkan kunlar" asarining yaratilishi haqida ko'plab ma'lumotlar oldi va ularni tarjimani yana-da boyitishda foydalandi.

Seul shahrida kitob taqdimotiga bag'ishlangan tantanali marosim o'tkazildi. Tadbirda Janubiy Koreya parlamenti va hukumati, vazirlik va idoralari, ommaviy axborot vositalari, diplomatik korpus vakillari hamda faol vatandoshlar ishtirok etdi.

Kitob taqdimotida so'zga chiqqanlar "O'tkan kunlar" asarining koreys tiliga tarjima qilinishining ahamiyati haqida gapirar ekan, ushbu ish nafaqat adabiy nuqtai nazardan, balki madaniy va ma'naviy jihatdan ham beqiyos qadam ekanini alohida ta'kidladilar. Ular asar tarjimasi orqali koreys o'quvchilari o'zbek xalqining boy tarixi, qalb kechinmalari, milliy o'zlik va qadriyatlarini chuqur his eta olishini qayd etdilar.

Ayniqsa, Abdulla Qodiriyning realistik uslubi, obrazlar orqali jamiyatning murakkab muammolarini ochib berishi, inson taqdiri va muhabbat, vatanparvarlik kabi abadiy mavzularga yondoshuvi har qanday xalq uchun tushunarli va ta'sirli bo'lishi ta'kidlandi.

Ishtirokchilar bu kabi adabiy tarjimalar dunyo xalqlari o'rtasidagi o'zaro tushunish, madaniy muloqot va hamjihatlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishini bildirdilar. Shuningdek, bunday loyihalar ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishi, adabiyot orqali insoniy qadriyatlar va umumbashariy g'oyalarni keng targ'ib etishi qayd etildi.

Xususan, asar tarjimoni Kemyong universiteti professori Kim Chung Sun o'z chiqishida "O'tkan kunlar" romanini nafaqat til nuqtai nazaridan, balki qalban va ruhan his qilgan holda tarjima qilganini, ushbu tarjima uning o'zbek xalqiga, uning boy adabiy merosi va madaniy qadriyatlariga bo'lgan yuksak ehtiromining ifodasi ekanligini ta'kidladi. "Bunday murakkab va ma'nan boy asarni oddiy so'zma-so'z tarjima qilish yetarli emas. Romanning falsafiy yukini, qahramonlar his-tuyg'usi, hayot tarzi va madaniy muhitini chuqur anglash tarjima uchun juda muhim. Shu bois shunday mazmunni to'liq his qilish maqsadida O'zbekistonga safar uyushtirib, Abdulla Qodiriy tasvirlagan muhitni o'z ko'zim bilan ko'rish va uni his qilish imkoniyatiga ega bo'ldim. "O'tkan kunlar" faqat sevgi haqida emas, balki jamiyatdagi tarixiy o'zgarishlar, siyosiy murakkabliklar, millat taqdiri va insoniy qadriyatlar haqidadir. Shu ma'noda, roman nafaqat o'zbek adabiyotining durdona asari, balki jahon adabiyotining muhim namunalaridan biri hisoblanadi", dedi u.

Tadbirda so'zga chiqqan O'zbekistonning elchisi Alisher Abdusalomov Kemyong universiteti professoriga ushbu tarjimani amalga oshirishdagi beqiyos mehnati va fidokorona sa'y-harakatlari uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Elchi o'z nutqida, mazkur tadbir faqatgina bir kitobning tarjimasi va namoyishi bilan cheklanib qolmasdan, balki O'zbekiston va Koreya Respublikasi o'rtasidagi ko'p asrlik do'stlik, o'zaro hurmat va umumiy madaniy qadriyatlarning yorqin ramziga aylanganini ta'kidladi. Shu ma'noda, taqdimot marosimi ikki xalq o'rtasidagi ma'naviy yaqinlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim madaniy voqelik sifatida alohida ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Shuningdek, diplomat koreyalik o'quvchilar "O'tkan kunlar" asarini mutolaa etar ekan, o'zbek xalqi tarixiga, milliy ruhiga, madaniy merosi va zamonaviy taraqqiyot yo'liga nisbatan yana-da chuqurroq va samimiy qiziqish uyg'onishiga umid bildirdi.

Koreya Respublikasi parlamentining Madaniyat, sport va turizm qo'mitasi raisi, "Koreya-O'zbekiston" parlamentlararo do'stlik jamiyati raisi Kim Kyo Xun o'zbek xalqining mashhur badiiy asarlaridan birini koreys tiliga tarjima qilib, nashr etish faqatgina adabiy aloqalarni emas, balki xalqlar o'rtasidagi do'stlik, o'zaro anglashuv va hamjihatlikni yana-da mustahkamlashini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, bu tashabbus orqali ikki millat vakillari bir-birining tarixiy merosi, ma'naviy qadriyatlari va hayot tarziga yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo'ladi.

Taqdimot marosimi Janubiy Koreya matbuotida keng yoritildi. "O'tkan kunlar" asarining koreys tilidagi tarjimasi Seulda bo'lib o'tayotgan yirik xalqaro kitob yarmarkasida ham namoyish etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish