Logo

“The Gulfobserver”: Chexiya O‘zbekistonning Markaziy Yevropadagi muhim hamkorlardan biri

Aprel 29, 2026. 12:25 • 2 daq

348
“The Gulfobserver”: Chexiya O‘zbekistonning Markaziy Yevropadagi muhim hamkorlardan biri

ISLOMOBOD, 29-aprel. /“Dunyo” AA/. Pokistonning yetakchi “The Gulfobserver” nashrida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) yetakchi ilmiy xodimi Madina Qayumova muallifligida O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikka bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston va Chexiya o‘z munosabatlarining yangi rivojlanish bosqichini boshdan kechirmoqda. Bu o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida shakllangan mustahkam poydevorga tayanadi. Shu davr mobaynida o‘zbek–chex aloqalari protokol darajasidagi muloqotlardan siyosiy, savdo, investitsiyalar va madaniy-gumanitar almashinuvni qamrab olgan tizimli hamkorlikka aylandi.

Bugungi kunda rasmiy Toshkentning Yevropa mamlakatlari bilan aloqalari mustahkamlanib borayotgan bir paytda, Chexiya Markaziy Yevropadagi muhim hamkorlardan biri sifatida ajralib turadi.

SMTI mutaxassisi fikricha, ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1993-yil 1-yanvarda o‘rnatilgan. Sifat jihatidan yangi bosqich 2023-yilda o‘rnatildi. O‘zaro Bosh vazirlar darajasidagi tashriflar natijasida “Kengaytirilgan hamkorlik to‘g‘risida”gi davlatlararo qo‘shma deklaratsiya qabul qilinib, kelgusi yillar uchun hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.

Shundan beri aloqalar faolligi pasaygani yo‘q. 2024-yil oktyabrda Chexiya tashqi ishlar vaziri Toshkentga tashrif buyurdi. 2025-yil sentyabrda esa Prezident Shavkat Mirziyoyev va Chexiya Prezidenti Petr Pavel BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida uchrashdi. Tomonlar investitsiyalar, transport, innovatsiyalar va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratdi. Bu davlatlararo muloqotning amaliy yo‘nalishini yaqqol namoyon etadi.

Muhim institutsional qadam sifatida 2025-yil fevralda Oliy Majlisning har ikki palatasida o‘zbek–chex parlamentlararo guruhlari tashkil etildi. Bunday tuzilmalar parlamentlar darajasida muloqotning uzluksizligini taʼminlaydi, qonunchilik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va shartnoma-huquqiy bazani kengaytirish uchun sharoit yaratadi.

Nashrda taʼkidlanishicha, Chexiya O‘zbekistonning Yevropa hamkorlik tizimidagi muhim strategik bo‘g‘inlardan biri sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda. Chexiyaning sanoat salohiyati va O‘zbekistonning jadal o‘sib borayotgan iqtisodiyoti o‘rtasidagi uyg‘unlik nafaqat tovar almashinuvi, balki chuqur texnologik integratsiya va o‘n yillarga mo‘ljallangan yirik sanoat loyihalarini amalga oshirish uchun mustahkam asos yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish