O‘zbekistonning Tinchlik kengashidagi ishtiroki turk OAV diqqat eʼtiborida
Fevral 22, 2026. 16:30 • 2 daq
• 442
ANQARA, 24-fevral. /“Dunyo” AA/. Turkiya ommaviy axborot vositalari AQShda bo‘lib o‘tgan Tinchlik kengashining birinchi sammiti doirasida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarga alohida eʼtibor qaratdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Turkiya teleradiokorporatsiyasining “TRT-Avaz” portali davlatimiz rahbarining Vashingtondagi Tinchlik kengashi yig‘ilishida so‘zlagan nutqi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Nashrning yozishicha, AQShda bo‘lib o‘tgan Tinchlik kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqqan Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston davlati G‘azoni qayta tiklash uchun turar joylar, bolalar bog‘chalari, maktab va kasalxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirgan.
O‘zbekiston yetakchisi G‘azoni tiklash uchun tashkil etilgan Tinchlik kengashining birinchi yig‘ilishiga mezbonlik qilgani uchun AQSh Prezidentiga minnatdorlik bildirib, bu tashabbus Donald Trampning siyosiy irodasi va pragmatizmi natijasi ekanini taʼkidlagan.
Shuningdek, Prezident Mirziyoyev Tinchlik kengashini tuzish bo‘yicha tinchliksevar tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini va O‘zbekiston ushbu kengashning muvaffaqiyatli faoliyatiga hissa qo‘shishga tayyorligini bildirgan.
Nashrda O‘zbekiston Prezidentining “Biz Yangi G‘azoni – iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib turmush sharoitlariga ega bo‘lgan mintaqani barpo etish uchun ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanishimiz zarur”, deb taʼkidlagan so‘zlari ham keltirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi