15-16-oktabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida "Islom – tinchlik va ezgulik dini" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tadi
Oktabr 09, 2024. 15:33 • 3 daq
• 1045
TOSHKENT, 9-oktabr. "Dunyo" AA/. Avval ma'lum qilganimizdek, shu yilning 15-16-oktabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida "Islom – tinchlik va ezgulik dini" mavzusida nufuzli xalqaro konferensiya o'tkaziladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 19-sentabrda bo'lib o'tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida: "Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo'shgan, islomni ilm-ma'rifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug'bek, Alisher Navoiy singari ulug' alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Shunday buyuk olimlarning boy merosini o'rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024-yil O'zbekistonda "Islom – tinchlik va ezgulik dini" mavzusida xalqaro konferensiya o'tkazish tashabbusini ilgari suramiz", deya ta'kidlagan edi.
Davlatimiz rahbarining ezgu tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan qizg'in qo'llab-quvvatlandi. Bu ezgu taklif natijasi o'laroq, 2024-yilning 15-16-oktabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida "Islom – tinchlik va ezgulik dini" mavzusida nufuzli xalqaro konferensiya o'tkazilmoqda. Anjuman ishida Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Iordaniya, O'mon, Rossiya, AQSh, Fransiya, Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmaniston, Hindiston va Pokiston kabi dunyoning 22 mamlakatidan 70 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar ishtirok etishi kutilyapti.
Konferensiyadan ko'zlangan asosiy maqsad – shiddatli globallashuv sharoitida islom dini qadriyatlari, uning tinchlikparvarlik mohiyatini keng targ'ib qilish, yoshlarni diniy bag'rikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda islom diniga yot radikal qarashlarga qarshi murosasizlik tuyg'usini shakllantirish va bunda O'zbekiston tajribasini, diniylik va dunyoviylik muvozanatini saqlash yo'lidagi sa'y-harakatlarini xalqaro jamoatchilikka yetkazishdan iboratdir.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbuslari bilan mamlakatimizda so'nggi yetti yilda diniy-ma'rifiy sohada ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Termiziy nomidagi islom instituti tashkil qilindi.
Bu muassasalarning barchasi nafaqat diniy, balki dunyoviy ilmlarda ulkan yutuqlarni qo'lga kiritgan buyuk allomalarimizning merosini asrab-avaylash, bugungi kun voqeligi nuqtai nazaridan chuqur tadqiq etish, yoyish va targ'ib qilish, nafaqat musulmon olami, balki butun jahon jamoatchiligiga tanitishga xizmat qilyapti. Shuningdek, bu markazlar O'zbekistonning "Jaholatga qarshi – ma'rifat" shioriga muvofiq ravishda islom dinining tinchlikparvarlik, bag'rikenglik va ma'rifatparvarlik g'oyalarini tarqatishga, shu tariqa mamlakat, mintaqa va dunyo miqyosida radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirish, bu illatlarni tag-tomiri bilan yo'q qilishga o'z hissasini qo'shmoqda.
Tashkiliy qo'mita ma'lumotiga ko'ra, konferensiya 15-oktabr kuni Toshkent shahridagi "Hilton" majmuasining anjumanlar zalida o'z ishini boshlaydi. Anjuman doirasida quyidagi mavzularda shoʻba yig'ishlari o'tkaziladi:
- Islom qadriyatlarini asrab-avaylashda hanafiy-moturidiy ta'limotining o'rni;
- Globallashuv sharoitida islom: moʻtadillik va bag'rikenglik;
- Zamonaviy jamiyatda g'oyaviy tahdidlarning oldini olish omillari va amaliy yechimlar.
Konferensiya 16-oktabr kuni Xiva shahrida davom etadi. Unda "Islom – tinchlik va ezgulik dini" mavzusidagi xalqaro konferensiyasining yakuniy deklaratsiyasi qabul qilinadi.
Anjuman dunyo xalqlarining birdamligi va mushtarak taraqqiyotini ta'minlashda islom ta'limotining, buyuk ajdodlar merosining o'rni va ahamiyatini ko'rsatib berish bilan birga, muqaddas dinimiz sha'niga dog' tushirayotgan, uni niqob qilib, manfur maqsadlarini amalga oshirishga intilayotgan buzg'unchi toifalarga qarshi kurashda islom ulamolarining yakdil fikrini qo'llab-quvvatlashi bilan ham g'oyat muhim hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi