Logo

Yaponiyaning yirik savdo tarmog'i O'zbekistondan mehnat resurslariga qiziqish bildirmoqda

Dekabr 14, 2023. 07:48 • 2 daq

511
Yaponiyaning yirik savdo tarmog'i O'zbekistondan mehnat resurslariga qiziqish bildirmoqda

TOKIO, 14-dekabr. /«Dunyo» AA/. O'zbekiston elchisi Muxsinxo'ja Abduraxmonov Yaponiyaning «Seven-Eleven Japan Co., Ltd» savdo tarmog'i tarkibiga kiruvchi «Seven Global Linkage» kompaniyasi ijrochi direktori Makoto Yasuy bilan muzokara o'tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Uchrashuvda o'zbekistonlik mutaxassislarni ishga joylashtirish masalalari va qonuniy mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Kompaniya rahbarining aytishicha, hozir kunda Yaponiyadagi 20 mingga yaqin «Seven-Eleven» magazinlarida 40 ming chet ellik xodimlar, 30 ming talaba va 300 ming yapon universitetlari bitiruvchilarining bandligi ta’minlangan. 2022 yil ma’lumotlariga ko'ra, mazkur savdo tarmoqlarida ishlayotgan O'zbekiston fuqarolari soni Vetnam, Nepal va Xitoy vakillaridan keyingi o'rinni egallaydi.

- Hozirgi kunda kompaniyada mehnat resurslari taqchilligi kuzatilmoqda, - dedi Makoto Yasuy. -Ushbu muammoni hal etish maqsadida O'zbekistondan ishchi kuchlarini jalb etishni rejalashtiryapmiz. Ushbu yo'nalishda hamkorlikni yo'lga qo'yish uchun O'zbekistonning tegishli tashkilotlari bilan maqsadli muzokaralar olib borishga tayyormiz.

Muloqot chog'ida O'zbekistonda so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va ularning samarali natijalari haqida batafsil aytib o'tildi. Shuningdek, O'zbekiston Prezidentining «Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarorida belgilangan muhim vazifalar urg'ulandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish