Logo

Kopengagenda O‘zbekiston–Daniya hamkorlikni yanada faollashtirish masalalari muhokama qilindi

Fevral 24, 2026. 15:55 • 2 daq

462
Kopengagenda O‘zbekiston–Daniya hamkorlikni yanada faollashtirish masalalari muhokama qilindi

KOPENGAGEN, 25-fevral. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchisi Rahmatulla Nurimbetov O‘zbekiston–Daniya munosabatlarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida ushbu davlatga amaliy tashrif bilan bordi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Daniya Tashqi ishlar hamda Immigratsiya va integratsiya vazirliklarida o‘tgan muzokaralarda ikki tomonlama siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha fikr almashildi. Migratsiya va iqlim barqarorligi sohasida sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Xalqaro migratsiya tashkiloti missiyasi rahbari Ragen Nair bilan uchrashuvda o‘zbek mehnat migrantlarining huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirish, ularning ijtimoiy moslashuvi va reintegratsiyasi xususida so‘z yuritildi. Shuningdek, respublikamizdan Shimoliy Yevropa mamlakatlariga qonuniy mehnat migratsiyasini qo‘llab-quvvatlash sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Elchixonamiz delegatsiyasi Kopengagen shahrida Shimoliy Yevropa Vazirlar kengashi kotibiyatida bo‘lib, Nordik mintaqasidagi mintaqaviy integratsiya tajribasi bilan tanishdi.

Xyorning shahrida o‘tkazilayotgan “Danish Travel Show” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida ishtirok etish doirasida diplomatiya rahbari “Xyorning ko‘rgazma markazi” (Messecenter Herning) boshqaruv kompaniyasi ijrochi direktori Georg Syorensen bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida o‘zbek tadbirkorlari ishtirokida biznes-missiyalar va roud-shou tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Elchixona diplomatlari baliqchilik sanoati uchun sifatli ozuqa ishlab chiqarish va yetkazib berishga ixtisoslashgan “Aller Aqua AS” kompaniyasining Kristiansfeldt shahridagi bosh ofisiga ham tashrif buyurdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish