Logo

Polshaning biznes doiralaridan iborat delegatsiyasi O'zbekistonga tashrif buyuradi

Noyabr 20, 2025. 12:29 • 2 daq

296
Polshaning biznes doiralaridan iborat delegatsiyasi O'zbekistonga tashrif buyuradi

VARSHAVA, 20-noyabr. /"Dunyo" AA/. Noyabr oyi so'nggi haftasida o'tkaziladigan Birinchi O'zbekiston–Polsha ishchi guruhi yig'ilishida ishtirok etish uchun Polshaning biznes doiralaridan iborat delegatsiyasi yurtimizga tashrif buyuradi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu tashrifning tashkiliy va mazmun jihatlarini muhokama qilish maqsadida O'zbekistonning Polshadagi Elchixonasi diplomatlari Polsha Qishloq xo'jaligi va qishloqlarni rivojlantirish vazirligi kotibi Yatsek Chernyak bilan uchrashuv o'tkazdi.

Uchrashuvda Yatsek Chernyak O'zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim va istiqbolli hamkor sifatida ko'rayotganini ta'kidlab, mamlakatimiz qishloq xo'jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni yuksak baholadi. Mazkur tashrif ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga ko'tarishiga umid bildirdi.

Tashrif davomida Polsha Qishloq xo'jaligi va qishloqlarni rivojlantirish vaziri Stefan Krayevskiy boshchiligidagi biznes delegatsiyasi bilan G2B va B2B formatdagi uchrashuvlar tashkil etiladi.

Mamlakatimizning Varshavadagi Elchixonasi ishlab chiqqan dasturga ko'ra, Stefan Krayevskiy va O'zbekiston qishloq xo'jaligi vaziri Ibrohim Abduraxmonov o'rtasida uchrashuv tashkil etilishi rejalashtirilgan. Unda qishloq xo'jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va bu borada ikki tomonlama hamkorlik aloqalari muhokama etiladi.

Delegatsiya a'zolari shu yil 26–28-noyabr kunlari Toshkentda bo'lib o'tadigan "Agro Expo Uzbekistan" xalqaro ko'rgazmasida Polsha milliy pavilyoni ochilishida ham ishtirok etadi. ushbu xalqaro ko'rgazmada Polshaning 19 ta yetakchi kompaniyasi qatnashishi ko'zda tutilgan.

Shuningdek, Polsha vakillari belgilangan dastur doirasida dehqonchilik, chorvachilik, go'sht va sut mahsulotlarini qayta ishlash, qand lavlagi va shakar ishlab chiqarish yo'nalishlari bo'yicha ham yurtimizdagi yetakchi korxona mutaxassislari bilan uchrashuvlar o'tkazadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish