Farg'ona viloyati maktabgacha va maktab ta'limi tizimi xodimlari Yaponiya tajribasini o'rgandi
Iyul 10, 2024. 09:49 • 2 daq
• 158
TOKIO, 10-iyul. /"Dunyo" AA/. Farg'ona viloyatidagi maktabgacha va maktab ta'limi tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlardan iborat delegatsiya joriy yilning 28-iyun – 5-iyul kunlari Yaponiyada bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar davomida delegatsiya a'zolari Tokioning Suginami tumanidagi "Koyendzi gakuen" boshlang'ich va o'rta ta'lim maktablarida uch kun davomida malaka oshirdi. O'quvlar davomida ular aniq va tabiiy fanlar, matematika, jismoniy tarbiya, mehnat va san'at darslarida bevosita ishtirok etdi va yapon pedagoglari tomonidan darslarni olib borish jarayoni, ularning bolalar bilan munosabatlarini o'rgandilar.
Mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasida Farg'ona viloyati vakillari uchun qator seminarlar tashkil qilindi. Xususan, Tokio xalqaro yapon tili markazida faoliyat olib boruvchi, Yaponiyada uzoq yillardan beri istiqomat qilayotgan vatandoshimiz, filologiya fanlari doktori Feruza Normatova va Tokio prefekturasi ta'lim boshqarmasi xodimi, ko'p yillar davomida yapon maktablarida direktor lavozimida ishlagan, pedagogika fanlari doktori Xideo Idjima ishtirokida "Yaponiya ta'lim tizimi" mavzusida seminar o'tkazildi.
Bundan tashqari, O'zbekiston tomoni Xachiodzi shahrida joylashgan Soka universitetida bo'lib, mazkur universitet hududida 2004-yilda o'rnatilgan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykali poyiga gul quydilar.
Shundan so'ng, universitet prezidenti Masashi Suzuki bilan alohida uchrashuv tashkil etildi. Unda Farg'ona viloyatidagi yapon tili bo'yicha o'qituvchilarga metodik ko'mak berish va ularning tajribasini oshirish bo'yicha hamkorlik qilishga kelishib olishdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Farg'ona viloyati Maktabgacha maktab ta'limi boshqarmasi vakillari Suginami tumanidagi "Naritanishi" bog'chasi tajribasini o'rgandilar.
2023-yildan buyon Farg'ona viloyatidagi har bir shahar va tumandan tanlab olingan bitta maktabda sinov tariqasida Yaponiya ta'lim tajribasi tatbiq etilmoqda. Ushbu dasturga ikki nafar yapon ekspertlari jalb qilingan.
2024-yil o'quv yilidan boshlab viloyatning 19 hududidan yana 3 tadan maktablar tanlab olinib, ularda yapon ta'lim tizimi joriy qilinishi rejalashtirilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi