Turkiyada Alisher Navoiy asarlari tarjima qilinadi
Aprel 06, 2026. 14:29 • 2 daq
• 129
HATAY, 6-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistondagi Alisher Navoiy xalqaro jamoat fondi hamda Turkiyaning Hatay viloyatida joylashgan Mustafo Kamol nomidagi universitet o‘rtasida madaniy va akademik hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan hamkorlik protokoli imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Kelishuvga ko‘ra, tomonlar birgalikda xalqaro simpoziumlar, ilmiy konferensiyalar va anʼanaviy “Navoiy kunlari” kabi maʼrifiy tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri – buyuk mutafakkir Alisher Navoiy asarlarini turk tiliga ilmiy asosda tarjima qilish va ularni Turkiya kitobxonlari orasida keng targ‘ib etishdan iborat. Shu bilan birga, Temuriylar davri adabiyoti bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish ham nazarda tutilgan.
Madaniy aloqalarni rivojlantirish maqsadida Hatay va Toshkent shaharlarida musiqiy tadbirlar, badiiy ko‘rgazmalar, teatr namoyishlari va kino kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, Turkiyada o‘zbek adabiyoti kunlari, O‘zbekistonda esa turk adabiyoti kunlarini tashkil etish, yosh tadqiqotchilar uchun onlayn treninglar va maxsus yozgi maktablar o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, ushbu hamkorlik nafaqat ikki muassasa o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi, balki o‘zbek va turk xalqlari o‘rtasidagi maʼnaviy yaqinlikni yanada kuchaytiradi. Shu bilan birga, Temuriylar davri madaniyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi