O‘zbekiston va Turkiya ikki mamlakat bozorlariga tovarlar kirishini soddalashtirish masalalarini muhokama qildi
Oktabr 12, 2026. 20:30 • 2 daq
• 254ANQARA, 12-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Anqara shahrida O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Turkiya Savdo vazirligi o‘rtasida savdo masalalari bo‘yicha ishchi guruhning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Muzokaralar chog‘ida o‘zaro tovar ayirboshlashni 5 milliard dollarga yetkazish chora-tadbirlari, jumladan, amaldagi tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish hamda mahsulotlarni ikki mamlakat bozorlariga kirishini soddalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, yengil sanoat va o‘zaro yetkazib berishni kengaytirish uchun yuqori salohiyatga ega bo‘lgan ustuvor tarmoqlarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ishtirokchilar texnik tartibga solish, standartlashtirish va mahsulot muvofiqligini baholash sohasidagi hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. Muvofiqlik sertifikatlarini o‘zaro tan olish hamda bojxona tartib-qoidalarini soddalashtirish imkoniyatlari alohida muhokama qilindi.
Elektrotexnika mahsulotlarining texnik talablari va muvofiqligini baholash bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etish maqsadida tomonlar soha mutaxassislari ishtirokida texnik ishchi guruhni shakllantirishga kelishib oldilar.
Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimning kengaytirilgan tahririni imzolash bo‘yicha texnik maslahatlashuvlar o‘tkazildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni mustahkamlovchi Savdo bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishining bayonnomasi imzolandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

