Logo

Chexiya biznesi O‘zbekistonni Markaziy Osiyo bozoriga chiqish uchun strategik markaz sifatida eʼtirof etmoqda

Aprel 30, 2026. 09:30 • 2 daq

562
Chexiya biznesi O‘zbekistonni Markaziy Osiyo bozoriga chiqish uchun strategik markaz sifatida eʼtirof etmoqda

TOSHKENT, 30-aprel. /Dunyo AA/. Kecha Toshkentda O‘zbekiston-Chexiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) maʼlumotiga ko‘ra, unda ikki davlat hukumat rahbarlari Abdulla Aripov hamda 29-aprel kuni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Andrey Babish ishtirok etdi.

Mazkur anjuman 200 dan ortiq delegatlarni birlashtirib, ikki tomonlama aloqalarning jadal rivojlanib borayotganini yana bir bor tasdiqladi, zero oxirgi sakkiz yil ichida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar ortdi. Bugungi kunda respublikamizda Chexiya sarmoyasi ishtirokidagi 37 ta korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, hamkorlikning mustahkam poydevorini tashkil etmoqda.

Muloqot davomida O‘zbekistonning investitsiyaviy yutuqlariga alohida to‘xtalib o‘tildi, xususan, 2025-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 145 milliard dollardan oshdi. Chexiya kompaniyalari sanoat va transport sohalariga innovatsiyalarni joriy etishga tayyor ekanliklarini bildirib, O‘zbekistonni Markaziy Osiyo bozoriga chiqish uchun strategik markaz sifatida eʼtirof etdilar.

Uchrashuv yakunida mashinasozlik, infratuzilmani modernizatsiya qilish va taʼlim yo‘nalishlarida hamkorlik bo‘yicha hujjatlar imzolandi. Chexiya eksport banki hamda EGAP korporatsiyasi bilan erishilgan kelishuv muhim moliyaviy vosita bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu mexanizm qo‘shma yuqori texnologiyali ishlab chiqarish loyihalari uchun imtiyozli kreditlash va risklarni sug‘urtalashni taʼminlaydi.

Forum yirik kompaniyalar va banklar ishtirokidagi G2B hamda B2B muzokaralar bilan yakunlandi. Unda tomonlar istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilab oldilar.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish