Logo

Parijda bo'lib o'tgan xalqaro kosmetika sanoati ko'rgazmasida O'zbekiston milliy stendi taqdim etildi

Oktabr 20, 2025. 11:02 • 1 daq

50
Parijda bo'lib o'tgan xalqaro kosmetika sanoati ko'rgazmasida O'zbekiston milliy stendi taqdim etildi

PARIJ, 22-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston delegatsiyasi ilk bor Parijda bo'lib o'tgan "COSMETIC 360" xalqaro kosmetika va innovatsiyalar ko'rgazmasida milliy stend bilan qatnashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Fransiyaning "COSMETIC Valley" klasteri tomonidan tashkil etilgan ko'rgazma har yili kosmetika sanoatidagi ilg'or texnologiyalar, barqaror yechimlar va yangi ilmiy yondashuvlarni namoyish etadi.

Bu yil o'n birinchi marotaba o'tkazilgan ko'rgazma kosmetika sanoatidagi kelajak tendensiyalari, sun'iy intellekt, biotexnologiyalar va ekologik innovatsiyalarga bag'ishlandi.

O'zbekiston stendida mahalliy kosmetika sanoatining imkoniyatlari, eksport salohiyati hamda ilmiy va innovatsion ishlanmalarning yangi yo'nalishlari taqdim etildi.

Ko'rgazma doirasida O'zbekiston delegatsiyasi turli mavzuli sessiyalar, B2B formatida uchrashuvlar va ilmiy forumlarda ishtirok etdi. Yetakchi xalqaro brendlar, ilmiy markazlar va tadqiqot institutlari rahbarlari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Muzokaralar natijasida "Toshkent Pharma Park" klasteri va "COSMETIC Valley" o'rtasida "Global Cosmetics Cluster" (GCC) tarmog'iga rasmiy a'zolik bo'yicha kelishuv imzolandi.

Tomonlar innovatsiyalar almashish, ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlikni yo'lga qo'yish, startaplarni qo'llab-quvvatlash, bozorlar o'rtasidagi integratsiyani mustahkamlash va savdo missiyalarini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishdi.

"Global Cosmetics Cluster" butun dunyo bo'ylab kosmetika, parfyumeriya va terini parvarish qilish sektorlarida faoliyat yurituvchi klaster va tashkilotlarni birlashtiruvchi xalqaro tarmoq hisoblanadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish