Logo

Toshkent va Pusan yo'nalishi bo'yicha muntazam aviaqatnovlar yo'lga qo'yildi

Iyun 07, 2025. 12:45 • 3 daq

101
Toshkent va Pusan yo'nalishi bo'yicha muntazam aviaqatnovlar yo'lga qo'yildi

PUSAN, 7-iyun. /"Dunyo" AA/. Janubiy Koreyaning Pusan shahriga "Qanot Sharq" aviakompaniyasining ilk samolyoti kelib qo'ndi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

An'anaga ko'ra, samolyot suv arkasi bilan tantanali ravishda kutib olindi. "Pusan-Toshkent" yo'nalishi bo'yicha ilk parvoz arafasida aeroportda mazkur havo qatnovining tantanali ochilish marosim bo'lib o'tdi.


Kimxe xalqaro aeroporti va "Qanot Sharq" aviakompaniyasi vakillari ramziy qizil lentani kesib, 285 nafar yo'lovchiga mo'ljallangan birinchi reysga ro'yxatdan o'tish jarayonini boshlab berdilar.


Shu tariqa, "Qanot Sharq" aviakompaniyasi Toshkent va Pusan o'rtasida muntazam qatnovlarni yo'lga qo'ydi. Parvozlar qulay A-330 samolyotlarida haftasiga ikki marta – chorshanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi.


Pusanlik yo'lovchilar ilgari Toshkentdan Seulga uchib kelishlari, keyin esa yana to'rt soatlik yo'l bosib Pusanga yetib borishlari kerak edi. Bu esa ortiqcha vaqt va mablag' talab qilardi. Endilikda to'g'ridan-to'g'ri Pusan shahriga parvoz qilish imkoniyati yaratildi. Bu yo'lovchilar uchun ulkan qulaylik va yengillik demakdir. Yangi reys nafaqat vaqtni tejaydi, balki sayohatni yana-da yoqimli, tez va samarali qiladi.


Choy Bu Lim, Pusan sayyohlik uyushmasi vitse-prezidenti:


 – Pusandan Toshkentga amalga oshirilgan ilk to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnov tantanali kutib olindi. Bu muhim va tarixiy voqea Janubiy Koreya va O'zbekiston o'rtasidagi do'stlik hamda o'zaro ishonchning yorqin ramzi sifatida tarix sahifalariga zarhal harflar bilan yozildi. Ushbu reys nafaqat ikki mamlakat o'rtasidagi transport va logistika sohasidagi aloqalarni mustahkamlaydi, balki sayyohlikni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlarni kengaytirish, shu bilan birga madaniy va insonparvarlik almashinuvini yangi bosqichga olib chiqishda beqiyos ahamiyat kasb etadi.


 Yangi yo'nalish orqali ikki xalq o'rtasidagi tarixiy yaqinlik va do'stona munosabatlar yana-da mustahkamlanib, o'zaro anglashuv va hamkorlik yangi darajaga ko'tariladi, deb o'ylayman.


Kang Da-yun, Global shaharlar turizmini rivojlantirish tashkiloti bosh kotibi:


– Pusan va Toshkent o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlar yo'lga qo'yilgani bilan xalqlarimizni chin qalbimdan tabriklayman. Bu muhim voqea xalqlarimiz o'rtasidagi hamkorlik va muloqot uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.


To'g'ridan-to'g'ri reys faqatgina O'zbekistonning boy tarixi va madaniyatiga qiziquvchi Janubiy Koreya fuqarolari uchun emas, balki Pusan va unga yaqin viloyatlarda istiqomat qilayotgan ko'plab vatandoshlaringiz uchun ham qulay va ishonchli yo'lni yaratadi.


Ishonchim komilki, ushbu aviaqatnovlar do'stona munosabatlarimizni, sayyohlik va iqtisodiy aloqalarimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.


Shuningdek, Pusan va Toshkent o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnov yo'lga qo'yilishi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim qadam bo'lib, turistlar oqimining keskin oshishiga, madaniy almashinuv va Janubiy Koreya hamda O'zbekiston o'rtasidagi iqtisodiy aloqalarning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.


Hozirgi kunda "Qanot Sharq" aviakompaniyasi Toshkent-Seul-Toshkent yo'nalishi bo'yicha haftasiga uch marta muntazam parvozlarni amalga oshirib kelmoqda. Pusan shahri – Seuldan keyin Janubiy Koreyaning ikkinchi yirik shahri va mamlakatdagi eng katta port shahar hisoblanadi.


Bu zamonaviy megapolis dengiz yuk tashishlari, gavjum bozorlari, zamonaviy osmono'par binolari va go'zal sohillari bilan mashhur. Qirg'oq bo'yidagi strategik joylashuvi tufayli, Pusan Janubiy Koreya iqtisodiyoti va xalqaro savdosida muhim ahamiyat kasb etadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish