“The Gulf Observer”: Jadidlar g‘oyalari Yangi O‘zbekiston strategiyasi bilan hamohang
Mart 12, 2026. 10:27 • 3 daq
• 40
QOHIRA, 12-mart. /“Dunyo” AA/. Pokistondagi nufuzli “The Gulf Observer” nashrida “Jadidchilik harakatidan Yangi O‘zbekistongacha” sarlavhali maqolani eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada O‘zbekiston tarixida XIX asr oxiri va XX asr boshlari xronologik jihatdan nisbatan qisqa bo‘lsada, mamlakat rivojlanishida chuqur ahamiyatga ega davr ekani taʼkidlangan.
Muallifning qayd etishicha, ushbu davrda tarix sahnasida paydo bo‘lgan islohotchi va maʼrifatparvar jadidchilik harakati faqat taʼlim, matbuot, adabiyot va sanʼat sohalaridagi islohotlar bilan cheklanib qolmagan. Jadidlar Markaziy Osiyo xalqlarining madaniy, intellektual va maʼnaviy hayotida chuqur o‘zgarishlarga turtki berdi yoki, hech bo‘lmaganda, bu yo‘nalishda favqulodda ko‘lamli va uzoq muddatli ahamiyatga ega harakatlarni boshlab berdi.
Nashrda qayd etilishicha, jadidchilik harakati aʼzolari uchun bilim faqat diniy emas, balki dunyoviy va zamonaviy ilmlarni ham qamrab olishi lozim edi. Taʼlimga bunday yaxlit yondashuv o‘z davrini tushunadigan, dunyo bilan aloqada bo‘la oladigan va jamiyatga xizmat qilishga qodir shaxslarni shakllantirishga qaratilgan edi. Shu nuqtai nazardan, maktab milliy va axloqiy yangilanishning markaziy vositasiga aylandi.
“O‘zbekiston nuqtai nazaridan jadidchilik uzilish emas, balki Samarqand va Buxoro dunyoning yetakchi bilim, ilm-fan va sanʼat markazlari qatorida bo‘lgan Temuriylar davri anʼanalari – Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek merosi bilan uzviy bog‘liqlik sifatida namoyon bo‘ladi. Turkistondagi jadidchilik harakati asosan Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva ziyolilari tomonidan shakllantirilgan”.
“The Gulf Observer” maqolasida yozilishicha, jadidchilik harakati markazida taʼlim islohoti asosiy o‘rinni egallagan. Intellektual islohot harakati sifatida jadidizm, ayniqsa, taʼlim va madaniyat sohalarida innovatsion va ilg‘or yondashuvlarni ilgari surgan, shu bilan birga o‘z taʼsirini kengroq ijtimoiy tuzilmaga ham yoygan.
“Turkistondagi birinchi jadid maktablari 1890-yilda Farg‘onada va 1893-yilda Samarqandda ochilgan. Jadidlar nafaqat ijtimoiy tuzumni o‘zgartirishga, balki jamiyatning maʼnaviy hayotini isloh qilish va yangilashga ham intilishgan. Shu maqsadda ular zamonaviy taʼlim beruvchi maktablar tashkil etgan, shu bilan birga tabiiy va eksperimental fanlarga bag‘ishlangan gazetalar, jurnallar va darsliklar nashr etgan”, – deyiladi materialda.
Maqolada shuningdek, Markaziy Osiyodagi jadidchilikning eng ko‘zga ko‘ringan namoyondalari sifatida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Cho‘lpon va boshqalar tilga olingan.
O‘zbekiston jadidchilik merosiga katta ahamiyat qaratayotgan davlat sifatida ajralib turadi. Bugungi kunda ham mamlakat hukumati jadidchilik va Temuriylar merosiga asoslangan g‘oyalarni, xususan, taʼlim, zamonaviylik, milliy o‘zlik va yoshlar siyosati sohalarida izchil davom ettirmoqda. Yangi O‘zbekiston bugun Temuriylar va jadidlar merosining qonuniy davomchisi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
“The Gulf Observer” maqolasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning: “Jadidlar g‘oyalari Yangi O‘zbekiston strategiyasi bilan hamohangdir”, – degan fikri ham iqtibos sifatida keltirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi