Logo

Britaniyalik kinoijodkorlar O‘zbekistonda Abu Ali ibn Sino haqida hujjatli film suratga oladi

Aprel 06, 2026. 10:46 • 2 daq

3
Britaniyalik kinoijodkorlar O‘zbekistonda Abu Ali ibn Sino haqida hujjatli film suratga oladi

LONDON, 6-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida nufuzli “Saba Productions” media kompaniyasi vakili Fiona Kashli bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida buyuk qomusiy olim va faylasuf Abu Ali ibn Sino hayoti hamda ilmiy merosiga bag‘ishlangan yangi hujjatli filmni suratga olish masalalari muhokama qilindi. Ushbu loyiha tadbirkor Ehson Rahbar homiyligida amalga oshirilmoqda.

Uchrashuv davomida elchixona vakillari tomonidan bo‘lajak filmda Abu Ali Ibn Sino siymosini talqin qilishda tarixiy faktlarni o‘zgartirmasdan, asl holicha talqin etish muhimligi taʼkidlandi. Xususan, allomani G‘arbda ilm-fan va tibbiyot rivojiga ulkan taʼsir ko‘rsatgan, butun insoniyatga tegishli bo‘lgan Buyuk Sharq olimi sifatida namoyon etish zarurligi qayd etildi.

Fiona Kashlining so‘zlariga ko‘ra, ijodiy guruh 3–5-aprel kunlari Istanbul shahrida suratga olish ishlarini yakunlab, 6-aprel kuni O‘zbekistonga yetib keladi. Asosiy tasvirga tushirish jarayonlari 7–12-aprel kunlari Buxoro viloyatida — alloma tug‘ilib o‘sgan zaminda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Mazkur loyiha O‘zbekistonning boy tarixiy va intellektual merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, Ikkinchi Renessans davri vakillarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini keng yoritishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish