AQSh Vakillar palatasi Pentagon rahbariga nisbatan impichment e’lon qilish tashabbusini rad etdi
Noyabr 11, 2026. 18:30 • 2 daq
• 17
VASHINGTON, 11-noyabr. /“Dunyo” AA/. AQSh Vakillar palatasi mudofaa (“urush”) vaziri Pit Hegsetning Eronga qarshi, Yaman, Venesuela va Karib havzasi mamlakatlaridagi harbiy amaliyotlar chog‘idagi xatti-harakatlari bilan bog‘liq impichment tashabbusini rad etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “NBC News” telekanaliga tayanib.
Kongressmenlar 204ga qarshi 211 ovoz bilan impichment to‘g‘risidagi rezolyutsiyani sohaviy qo‘mita ko‘rib chiqishiga topshirishni ma’qullab, amalda uning keyingi harakatini to‘xtatib qo‘ydi.
Tashabbus muallifi sifatida Donald Tramp ma’muriyatini tanqid qilib kelgan Kentukki shtatidan respublikachi Tomas Massi chiqdi. U Pentagon rahbarini urush olib borish me’yorlarini buzganlikda ayblab, uning harakatlari AQSh obro‘siga putur yetkazayotgani hamda kelajakdagi mojarolarda amerikalik harbiy xizmatchilarni xavf ostida qoldirayotganini bildirdi. Shuningdek, u rezolyutsiyani ilgari surish uchun demokratlar bilan birga ovoz bergan yagona respublikachiga aylandi.
Vakillar palatasidagi demokratik ozchilik yetakchisi, Nyu-York shtatidan saylangan Hakim Jeffris demokratlar kelasi yili Kongress ustidan nazoratni qo‘lga kiritgach, Pit Hegsetning lavozimidan ketishiga erishishini ta’kidladi.
Ovoz berish jarayoni fonida Amerika OAVlari Donald Tramp oraliq saylovlarda respublikachilar mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng vazirni iste’foga chiqarish ehtimolini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berdi. Biroq keyinchalik prezident omma oldida Hegsetni qo‘llab-quvvatlab, uning faoliyatiga yuqori baho berdi. Pentagon rahbarining o‘zi esa ayblovlarni siyosiy tomosha deb atadi va o‘tkazilgan harbiy amaliyotlardan afsusda emasligini ma’lum qildi.
Demokratlar har ikkala palatani nazorat qiladigan Kongressning yangi tarkibi 2027-yil 3-yanvarda o‘z ishini boshlaydi. Bu holat impichmentga qayta urinish uchun zamin yaratishi mumkin, biroq vazirni lavozimidan uzil-kesil chetlatish uchun Senat a’zolarining uchdan ikki qismi qo‘llab-quvvatlashi talab etiladi.
“AP” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi