Toshkentda ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi O‘zbekiston-Shvetsiya hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi
Fevral 27, 2026. 20:02 • 52 soniya
• 76
TOSHKENT, 28-fevral. /“Dunyo” AA/. Shvetsiya fan va oliy taʼlim sohasida xalqaro hamkorlik jamg‘armasi (STINT) ijrochi direktori Andreas Gyotenbergning O‘zbekistonga amaliy tashrifi doirasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma taʼlim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, oliy taʼlim muassasalarining institutsional salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar va “data-driven” innovatsiyalar sohasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, O‘zbekiston oliy taʼlim va ilmiy muassasalarining Yevropa tadqiqot va innovatsion ekotizimlariga integratsiyalashuviga alohida eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, tomonlar akademik mobillik va iqtidorli kadrlarni tayyorlash dasturlarini amalga oshirish orqali ilg‘or raqamli kompetensiyalarni rivojlantirish, Shvetsiyaning innovatsion tajribasi asosida “universitet – sanoat” hamkorligining samarali modellarini joriy etish, hamda ilmiy hamkorlik sohasida innovatsion-investitsion sheriklik imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha fikr almashdilar.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalarining global taʼlim va ilmiy makonda faol ishtirokini taʼminlashga qaratilgan istiqbolli loyihalarni ilgari surish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
