Logo

O‘zbekiston Prezidentining Vashingtonga amaliy tashrifi Pokiston OAV diqqat markazida

Fevral 21, 2026. 15:00 • 2 daq

48
O‘zbekiston Prezidentining Vashingtonga amaliy tashrifi Pokiston OAV diqqat markazida
O‘zbekiston Prezidentining Vashingtonga amaliy tashrifi Pokiston OAV diqqat markazida

ISLOMOBOD, 21-fevral. /“Dunyo” AA/. Pokistonning «The world News» elektron nashri O‘zbekiston Prezidentining 17-19-fevral kunlari Amerika Qo‘shma Shtatlari poytaxti Vashingtonga bo‘lib o‘tgan amaliy tashrifini keng yoritdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Jumladan, ushbu elektron nashr O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan Tinchlik kengashining birinchi sammitidagi nutqini to‘liq eʼlon qildi.

Nutqda Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Tinchlik kengashini tuzish bo‘yicha tinchliksevar tashabbusni qo‘llab-quvvatlaganini va uning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi borasida o‘zining amaliy ishtirokini qatʼiy bayon etgani taʼkidlangan.

«Ishonchim komil, Kengash ishi G‘azo mintaqasini iqtisodiy va ijtimoiy qayta tiklash uchun qulay sharoit yaratishga imkon beradi. Shu bilan birga, G‘azoning har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining so‘zsiz ichki qo‘llab-quvvatlashiga tayanishi lozim. Barcha tomonlarning muvofiqlashtirilgan saʼy-harakatlari G‘azoni tez fursatda qayta tiklash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga, mojarodan keyingi jarayonlarni barqarorlashtirishga xizmat qiladi.

Taʼkidlab aytamanki, O‘zbekiston ushbu hududda turar joylar, bolalar bog‘chalari, maktab va kasalxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qo‘shishga tayyor», – deya O‘zbekiston Prezidenti nutqidan iqtibos keltirilgan materialda.

Shuningdek, «The world News» O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashington shahriga tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida ikki tomonlama hujjatlarni imzolashga bag‘ishlangan marosim va qo‘shma loyihalar taqdimotida ishtirok etgani haqida yozdi.

Davlat rahbari mazkur tadbirdagi nutqida yangi, amaliy formatda o‘tayotgan ushbu uchrashuv bundan avvalgi davra suhbatining mantiqiy davomi hamda iqtisodiy sheriklik strategik ishonch va o‘zaro manfaatdorlik ruhida yuksak darajaga ko‘tarilayotganining ifodasi ekanini taʼkidladi.

«O‘zbekiston yetakchisi huzurida yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini qurish, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, muhim minerallarni qazib olish va yetkazib berish, parrandachilik klasterini tashkil etish, agrosanoat, moliya bozorini rivojlantirish hamda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar imzolandi», – deya qayd etilgan materialda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish