Logo

Rotterdamda Niderlandiyadagi o‘zbekistonlik vatandoshlar uchun iftorlik va ochiq muloqot tashkil etildi

Mart 19, 2026. 18:26 • 2 daq

102
Rotterdamda Niderlandiyadagi o‘zbekistonlik vatandoshlar uchun iftorlik va ochiq muloqot tashkil etildi

ROTTERDAM, 19-mart. /“Dunyo” AA/. Niderlandiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan vatandoshlar uchun Rotterdam shahrida bayramona iftorlik tadbiri tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu tadbirda 220 dan ortiq fuqarolar ishtirok etdi. Kechaning faxriy mehmonlari sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xalqaro bo‘limi boshlig‘i, imom-xatib Shavkat Hamdamov va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi katta o‘qituvchisi, qori Nurillo Saydullayev qatnashdilar.

Tadbirda so‘zga chiqqan diplomatik vakolatxona rahbari va diniy soha vakillari vatandoshlarga hamjihatlik, ahillik va hayotga faol yondashuvlari uchun minnatdorlik bildirdilar. Muloqot davomida O‘zbekistonda insonparvarlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekani alohida taʼkidlandi.

Shuningdek, hamyurtlarimizga xorijdagi o‘zbekistonliklarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi yangiliklar, mamlakatimizda iqtisodiy, ijtimoiy va taʼlim sohalarida amalga oshirilayotgan so‘nggi islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Vakolatxona rahbari bu islohotlar O‘zbekistonning xalqaro maydonda zamonaviy va ishonchli hamkor sifatidagi nufuzini yanada oshirayotganini qayd etdi.

Maʼnaviy-maʼrifiy suhbat davomida imom-xatib yurtdoshlarimizni turli yot diniy oqimlar taʼsiriga tushib qolmaslikka, diniy masalalarda faqat rasmiy va ishonchli manbalardan foydalanishga chaqirdi. Ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda dinlararo totuvlik va maʼrifiy islom g‘oyalarini targ‘ib qilish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.

Tadbir nihoyatda iliq, samimiy va mazmunli ruhda o‘tib, vatandoshlar o‘rtasidagi jipslikni mustahkamlashga xizmat qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish