Logo

Oqtovdagi iftorlikda O‘zbekistonda ochilgan yangi majmualar eʼtirof qilindi

Mart 19, 2026. 17:25 • 2 daq

95
Oqtovdagi iftorlikda O‘zbekistonda ochilgan yangi majmualar eʼtirof qilindi

OQTOV, 19-mart. /“Dunyo” AA/. Oqtov shahrida doimiy va vaqtincha bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari uchun iftorlik tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Madaniy-maʼrifiy uchrashuvda Toshkent shahrida yangi qurilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiya markazi hamda Samarqand viloyati Payariq tumanida qaytadan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasi haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.

Muborak Ramazon hayiti arafasida ochilgan ushbu majmualar haqida batafsil maʼlumot berildi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘zbek xalqining boy ilmiy-maʼnaviy merosini o‘rganish va dunyoga targ‘ib qilish yo‘lidagi ulkan qadamdir. Bu majmua shunchaki muzey emas, balki buyuk allomalarning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini tadqiq etuvchi yirik ilmiy maskan bo‘ladi.

Shu bilan birga, Samarqandda qaytadan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasi yangi O‘zbekistonning durdonasi bo‘lib qad rostlagani, bu yerda ziyoratchilar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratilgani alohida qayd etildi.

Imom Buxoriy majmuasi qoshida turizm markazi ochildi. Yondosh 15 gektar maydonda zamonaviy infratuzilma yaratilib, shinam mehmonxonalar, xizmat ko‘rsatish va servis nuqtalari barpo etildi.

Hamyurtlar bilan yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti va Navro‘z umumxalq bayramini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish yuzasidan fikr-mulohaza almashildi.

Iftorlik dasturxoniga o‘zbek milliy taomlari tortildi. Oqtovdagi vatandoshlar davlatning doimiy eʼtibori va g‘amxo‘rligini his qilayotganini taʼkidlab, xalq manfaati yo‘lidagi bunday tashabbuslar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish