Misrlik olimlar bilan buyuk allomalar merosini tadqiq qilish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi
Yanvar 29, 2026. 18:04 • 2 daq
• 104
QOHIRA, 29-yanvar. /“Dunyo” AA/. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi delegatsiyasi Qohira shahriga tashrif buyurib, qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Delegatsiya aʼzolari dastlab, Al-Azhar shayxi o‘rinbosari Muhammad Duvayniy hamda Imom Ashʼariy markazi direktori Hasan Shofeʼiy bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida “Jaholatga qarshi maʼrifat” tamoyili asosida hamkorlik qilish, buyuk allomalar merosi va qo‘lyozma manbalarni birgalikda tadqiq etish va fundamental loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Al-Azhar shayxi maslahatchisi Nahla as-Saʼidiy bilan o‘tkazilgan muzokaralarda islom dinining moʻtadillik tamoyillarini targ‘ib etish hamda ayollarning jamiyatdagi rolini oshirishga urg‘u berildi. Nahla as-Saʼidiy O‘zbekistonning islom maʼrifati borasidagi tashabbuslarini yuqori baholab, xotin-qizlarni yot g‘oyalardan himoya qilish va xorijlik talabalar uchun qulay taʼlim muhitini yaratishda yaqin hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.
Majmua qoshidagi “Ekstremizmga qarshi kurashish rasadhonasi”da bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ijtimoiy tarmoqlardagi buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurashish mexanizmlari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida o‘zaro Anglashuv memorandumi va yangi “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish belgilab olindi.
Al-Azhar universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda yoshlarni Vatan taqdiriga daxldorlik ruhida tarbiyalash masalasida fikr almashildi. Talabalarga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati haqida batafsil maʼlumot berildi. Markaz mutaxassislari anʼanaviy moturidiylik taʼlimotining bag‘rikenglik tamoyillarini tushuntirib, yoshlarni ijtimoiy tarmoqlardagi soxta daʼvatlardan hushyor bo‘lishga chaqirdi.
27-yanvar kuni delegatsiya Qohirada Imom Ashʼariy markazi tomonidan tashkil etilgan “Imom Ashʼariy va moʻtadillik: aqidaviy ixtilofdan – muloqot ufqi sari” xalqaro ilmiy forumda ishtirok etdi. Anjumanda Markaz direktori Komiljon Shermuhamedov hamda Misrning yetakchi ulamolari aqidaviy ixtiloflar o‘rniga ilmiy muloqotni qaror toptirish va sof islom aqidasini asrab-avaylash masalalarida maʼruza qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
