O‘zbekiston va Misr o‘rtasida farmatsevtika sohasidagi istiqbolli qo‘shma loyihalar muhokama qilindi
Yanvar 27, 2026. 14:22 • 52 soniya
• 203QOHIRA, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Misrning “ACDIMA” kompaniyasi rahbari doktor Ulfat Gurab bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda O‘zbekistonning Misrdagi elchisi Mansurbek Qilichev va Misrning O‘zbekistondagi elchisi Tamer Fathi ham ishtirok etdi.
Muzokaralar chog‘ida “ACDIMA” kompaniyasi tomonidan o‘zbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv treninglarini o‘tkazish, mahalliylashtirish jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha maʼlumot berildi. Qolaversa, dori vositalari distributsiyasini tashkil etish, “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri hududida istiqbolli qo‘shma loyihani amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va keyingi uchrashuvlarni o‘tkazishga kelishib oldi.
“ACDIMA” kompaniyasi 1976-yilda tashkil etilgan bo‘lib, sog‘liqni saqlash sohasiga ixtisoslashgan Misr investitsiya korporatsiyasi hisoblanadi. U hayotiy muhim farmatsevtika preparatlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha Misrning yetakchi tuzilmalari qatoriga kiradi. Guruh har yili 600 million donadan ortiq mahsulot ishlab chiqaradi. Ular Yevropa, Osiyo, Afrika va Yaqin Sharqning 70 dan ortiq mamlakatlariga yetkazib beriladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




