Logo

Pokiston ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi madaniy aloqalar haqida yozmoqda

Mart 23, 2026. 10:00 • 3 daq

147
Pokiston ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi madaniy aloqalar haqida yozmoqda

ISLOMOBOD, 23-mart. /“Dunyo” AA/. Pokistonning «Global News Pakistan», «Pakistan In The World», «The Gulf Observer», «The Diplomatic Insight», «Infora News» va «The world News» kabi ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarga bag‘ishlangan maqolalarni eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

«O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi madaniy aloqalar ikki mamlakatni bog‘lab turuvchi muhim omillardan biri hisoblanadi, – deyiladi maqolalar avvalida. – Ushbu hamkorlik xalqlar o‘rtasidagi tarixiy, maʼnaviy va madaniy yaqinlikni mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda madaniyat sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilib, turli festivallar, konsertlar, kino tadbirlari va teatr gastrollari orqali yana-da faollashdi».

Nashrda taʼkidlanganidek, O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari o‘rtasidagi samimiy va iliq munosabatlar ham mazkur hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari, madaniy tadbirlarda birgalikda ishtirok etishi hamda madaniyat va sanʼatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslari ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hurmatni yana-da kuchaytirib, madaniy aloqalarning yangi bosqichda rivojlanishiga turtki bermoqda.

Materiallarda so‘nggi to‘rt yil davomida O‘zbekiston madaniyat vaziri va uning o‘rinbosarlari Tojikistonga 11 marta tashrif buyurgan bo‘lsa, Tojikiston madaniyat vaziri va uning o‘rinbosarlari O‘zbekistonga 8 marta tashrif amalga oshirgani maʼlum qilingan. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalar izchil rivojlanayotganini ko‘rsatadi.

«Hamkorlik doirasida qator yirik madaniy tadbirlar ham o‘tkazildi. Jumladan, Dushanbe shahrida bir necha bor «O‘zbekiston madaniyati kunlari», Toshkent shahrida esa «Tojikiston madaniyati kunlari» tashkil etildi. Shuningdek, «Do‘stlik kechasi» nomli konsert dasturlari ham ikki mamlakatda o‘tkazilib, unda ikki davlat rahbarlari ham ishtirok etdi», – deb yozilgan materiallarda.

Madaniy hamkorlik doirasida kino sohasida ham qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi hamda Tojikistonning “Tojikfilm” davlat muassasasi o‘rtasida «Yulduzli osmon: Jomiy va Navoiy» nomli badiiy filmni suratga olish bo‘yicha memorandum imzolandi va film ishlab chiqildi. Shuningdek, 2024-yilda Tojikistonda «O‘zbekiston kinosi kunlari», 2025-yilda esa Toshkent shahrida «Tojik kinosi kunlari» tashkil etildi.

Kelgusida O‘zbekistonda «Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari»ni o‘tkazish, «Do‘stlik kechasi» konsert dasturini tashkil etish, teatr gastrollari va «Navro‘zi olam» uch avlod uchrashuvini o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.

Maqolalar xulosasida taʼkidlanganidek, «O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi madaniy hamkorlik izchil tarzda rivojlanib, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yana-da mustahkamlashga xizmat qilmoqda».

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish