SMTI eksperti: O‘zbekiston va AQSH munosabatlari muntazam strategik muloqot bosqichiga o‘tdi
Fevral 20, 2026. 14:37 • 4 daq
• 203
TOSHKENT, 21-fevral. /“Dunyo” AA/. Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) yetakchi ilmiy xodimi Madinabonu Qayumova “Dunyo” AA muxbiriga O‘zbekiston yetakchisining AQSHga tashrifi va Tinchlik kengashining birinchi sammitidagi ishtiroki bo‘yicha fikr bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSHga tashrifi so‘nggi yillarda Vashington bilan qurilgan pragmatik va o‘zaro manfaatli muloqot strategiyasining mantiqiy davomi bo‘lib, siyosiy ramziy hamkorlikdan xavfsizlik, iqtisodiyot, savdo va gumanitar almashinuv sohalarida tizimli muvofiqlashtirish bosqichiga o‘tilganini yaqqol namoyon etdi.
Ushbu tashrif so‘nggi yarim yillikdagi faol hamkorlikning mantiqiy yakuni bo‘ldi. BMT Bosh Assambleyasi doirasidagi uchrashuvlar, “C5+1” sammiti, Davosda Tinchlik kengashi Nizomining imzolanishi tadbiridagi ishtirok, shuningdek ikki davlat rahbarlarining shaxsiy muloqotlari siyosiy muloqotning barqaror dinamikasini shakllantirdi. So‘nggi olti oy ichida oliy darajadagi beshinchi uchrashuv o‘tkazilgani munosabatlar muntazam strategik kommunikatsiya bosqichiga o‘tganidan dalolat beradi. Bundan tashqari, har bir uchrashuv aniq kelishuvlar bilan mustahkamlanib kelmoqda.
Tashrifning iqtisodiy kun tartibi uning amaliy yo‘naltirilganligini tasdiqladi. AQSHga tashrif chog‘ida davlat rahbari Amerika hukumati vakillari, moliyaviy institutlar va ishbilarmon doiralar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Jumladan, AQSH Eksport-import banki, Xalqaro moliyaviy rivojlanish korporatsiyasi, Amerika–O‘zbekiston savdo palatasi, shuningdek “Traxys”, “Valmont Industries”, “Gulf Oil”, “Aviagen”, “John Deere”, “BlackRock Financial Markets Advisory”, “Oppenheimer” kabi yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi yakunlariga ko‘ra agrosanoat, strategik ahamiyatga ega minerallar, moliya bozorini rivojlantirish, investitsiya muhitini takomillashtirish hamda platforma yaratish kabi ustuvor yo‘nalishlarda kelishuvlarga erishildi.
AQSH savdo vakili hamda savdo vaziri bilan o‘tkazilgan muzokaralar alohida eʼtiborga loyiqdir. Unda Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH o‘rtasidagi savdo va investitsiyalar bo‘yicha kelishuv doirasida hamkorlikni faollashtirish zarurligi taʼkidlandi. Shu tariqa, hamkorlik nafaqat ikki tomonlama, balki mintaqaviy o‘lchamda ham ahamiyatga ega bo‘lib, O‘zbekistonning mintaqadagi iqtisodiy jarayonlar koordinatori sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda.
Tarixiy nuqtai nazardan qaralganda, bugungi natijalarning asosi 2018-yilda Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga ilk rasmiy tashrifi chog‘ida qo‘yilgan edi. Tashrif yakuniga ko‘ra 4,8 mlrd. dollardan ortiq miqdordagi bitimlar imzolangan bo‘lib, bu xalqaro biznes uchun O‘zbekistonning tizimli ochiqligi haqida muhim signal bo‘ldi. 2021-yilda “Strategik sheriklik muloqoti” taʼsis etildi va uning keyingi kengayishi ikki tomonlama munosabatlarning institutsional tus olganini ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston rahbarining AQSH Prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan Mayamida o‘tkazilgan G20 sammitiga taklif etilishi mamlakatning xalqaro nufuzi ortib borayotganini va global kun tartibidagi o‘rni tan olinayotganini tasdiqladi.
Hamkorlikning iqtisodiy o‘lchami barqaror o‘sishni namoyon etmoqda. Agar 2018-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 408 mln. dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-2025-yillar yakuniga ko‘ra bu ko‘rsatkich barqaror ravishda 1 mlrd. dollardan oshmoqda. 35 mlrd. dollarlik uch yillik Iqtisodiy hamkorlik dasturi tomonlarning uzoq muddatli niyatlarini aks ettiradi. Shu bilan birga, hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga chiqmoqda: savdodan investitsiya va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishga ko‘chmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistonda “Air Products”, “General Electric”, “General Motors”, “Boeing”, “Honeywell”, “John Deere” kabi Amerika sanoatining yetakchi kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. “C5+1” sammiti doirasida 8,7 mlrd dollarlik bitimlar paketi, jumladan 22 ta Boeing samolyotini xarid qilish bo‘yicha kontrakt, strategik minerallar sohasidagi investitsiyalar hamda agrar sohadagi loyihalar imzolanishi muloqotning amaliy natijalarga yo‘naltirilganini yana bir bor tasdiqladi.
Eksport tuzilmasidagi transformatsiya ham eʼtiborga loyiq. Bugungi kunda O‘zbekistonning AQSHga eksportining qariyb 86 foizini xizmatlar tashkil etadi va bunda asosiy drayver IT-sektori hisoblanadi. Raqamli xizmatlar eksporti bilan shug‘ullanuvchi 800 ta faol eksportchining 448 tasi Amerika bozoriga yo‘naltirilgan bo‘lib, ular soha eksportining 45 foizini taʼminlamoqda. Bu esa hamkorlik tobora yuqori texnologik tus olayotganini, anʼanaviy xomashyo modelidan chiqib borayotganini ko‘rsatadi.
Gumanitar yo‘nalish ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Akademik almashinuv kengaymoqda, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari soni ortmoqda, o‘zbekistonlik mutaxassislarning xalqaro taʼlim tarmoqlariga integratsiyasi kuchaymoqda. Hozirgi kunda O‘zbekistonning 40 ta oliy taʼlim muassasasi AQSHning 25 dan ortiq universiteti bilan hamkorlik dasturlarini amalga oshirmoqda.
Toshkent shahridagi Webster University filiali hamda Arizona State University bilan hamkorlikda tashkil etilgan Amerika Texnologiyalar universiteti muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda. Shu tariqa, strategik sheriklikning uzoq muddatli intellektual infratuzilmasi shakllanmoqda.
Umuman olganda, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi bosqichi ramziy bayonotlardan tizimli muvofiqlashtirishga o‘tish bilan baholanmoqda. Mintaqaviy xavfsizlik, barqaror rivojlanish, investitsiya siyosati va texnologik yangilanish yo‘nalishlarida erishilgan natijalar O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi AQSH uchun muhim va ishonchli hamkor sifatidagi mavqeini tobora mustahkamlab borayotganidan dalolatdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
