Logo

Tojikiston OAV: O'zbekiston Bosh qomusida Yangi O'zbekistonni bunyod etish yo'lida tayanadigan konstitutsiyaviy qadriyatlar va tamoyillar qat'iy belgilangan

Noyabr 30, 2024. 12:29 • 3 daq

430
Tojikiston OAV: O'zbekiston Bosh qomusida Yangi O'zbekistonni bunyod etish yo'lida tayanadigan konstitutsiyaviy qadriyatlar va tamoyillar qat'iy belgilangan

DUSHANBE, 8-dekabr. /"Dunyo" AA/. Tojikistonning "Avesta" axborot agentligi "Yangi O'zbekiston Konstitutsiyasi: yaratilishi, qabul qilinishi va ijro etilishi" sarlavhali maqolani tarqatdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqola muallifi, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori, O'zbekiston fanlar akademiyasi akademigi, yuridik fanlar doktori, professor Akmal Saidov yozganidek, bu yil mamlakatimizda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayrami "Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!" degan bosh g'oya asosida keng nishonlanmoqda. Yangi O'zbekiston hayotining turli sohalarida izchil davom etayotgan keng ko'lamli, qamrovdor va shiddatli islohotlar natijalarini mustahkamlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning o'rni va ahamiyati beqiyosdir.

"O'zbekiston Prezidentining "Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan huquqiy va adolatli davlat qurish yo'llarini keng ochib berdi", deb ta'kidlagani zamirida g'oyat ulug'vor haqiqatlar mujassam. Konstitutsiyamizda davlat va jamiyat taraqqiyotining huquqiy mafkurasi, xalqimiz Yangi O'zbekistonni bunyod etish yo'lida tayanadigan konstitutsiyaviy qadriyatlar va tamoyillar qat'iy belgilab berilgani bu fikrning yaqqol isbotidir", – degan muallif.

Akademik Akmal Saidov O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan so'nggi yillarda qabul qilingan uchta kompleks taraqqiyot strategiyasini alohida ta'kidlagan.

"Birinchisi, "2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi" doirasida O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining normalari yanada takomillashtirildi. Ikkinchisi, "2022-2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi" asosida izchil konstitutsiyaviy islohot amalga oshirildi. Uchinchisi, "O'zbekiston – 2030" strategiyasini hayotga tatbiq etishda yangilangan Asosiy qonunimizning to'g'ridan-to'g'ri ijrosini ta'minlashga qaratilgan ta'sirchan choralar ko'rilmoqda", – deyilgan materialda.

Nashrda ma'lum qilinishicha, 2021-yil 6-noyabrdagi Yangi saylangan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag'ishlangan Oliy Majlis palatalari qo'shma majlisida so'zlagan nutqida konstitutsiyaviy islohotning nazariy asosi sifatida Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi belgilab berildi. Prezidentning "Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi" kitobida ham konstitutsiyaviy islohotga alohida bir fasl bag'ishlangan.

"E'tibor bering, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yilda nashrdan chiqqan "Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi" kitobidagi alohida bir fasl aynan "Konstitutsiyaviy islohotlar – Yangi O'zbekistonni barpo etish yo'lidagi obyektiv zarurat", deb nomlangan. Unda saylovoldi uchrashuvlari paytida xalq bilan muloqot jarayonida o'rtaga tashlangan muhim taklif va tashabbuslar, bugungi taraqqiyotimiz va istiqbol rejalariga oid xulosalar o'z aksini topgan", – deb yozgan muallif.

Shu ma'noda, O'zbekistonda konstitutsiyaviy islohotning bosh g'oyaviy ilhomlantiruvchisi, shubhasiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hisoblanadi. Konstitutsiyaviy islohotning asosiy tashabbuskori esa mamlakatimiz aholisining keng qatlamidir.

Zamonga mos harakat va o'zgarishlarni talab etayotgan bugungi shiddatli davr mezonlariga javob beradigan mukammal Konstitutsiyaga ega bo'lish – milliy davlatchilik an'analarimizga, xalqimiz manfaatlariga munosib ishdir. Dunyo mamlakatlarining rivojlanish amaliyoti ham konstitutsiyaviy qonunchilik izchil va muttasil takomillashib borishi zarurligini ko'rsatadi.

"Bugungi kunda yangilangan Asosiy qonunimizning konstitutsiyaviy normalari jamiyatimiz va davlatimiz, ta'bir joiz bo'lsa, mamlakatimizda yashaydigan har qaysi inson hayotida amal qilmoqda", – deya qayd etadi akademik Akmal Saidov.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish