Logo

London shahrida O'zbekiston-Buyuk Britaniya biznes-forumi o'tkazildi

Iyun 20, 2025. 07:15 • 49 soniya

82
London shahrida O'zbekiston-Buyuk Britaniya biznes-forumi o'tkazildi

  LONDON, 20-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston banklari va korxonalari vakillaridan iborat delegatsiya 17-18-iyun kunlari Londonda bo'lib o'tgan "Xalqaro qarz oluvchilar va obligatsiya investorlari forumi"da qatnashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Forum doirasida O'zbekiston va Buyuk Britaniya o'rtasidagi ustuvor sohalardagi hamkorlik istiqbollariga bag'ishlangan biznes-forum tashkil etildi.

Tadbirda Britaniyaning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bo'yicha maxsus savdo vakili Lord Olderdays, Britaniya Savdo va biznes vazirligi rahbariyati hamda mazkur mamlakatning yetakchi moliyaviy institutlari va kompaniyalari vakillari qatnashdi.

Lord Olderdays o'z nutqida, joriy yilda O'zbekiston-Britaniya hamkorligi mazmunan yangi bosqichga ko'tarilganini ta'kidladi.

Britaniya hukumatining yuqori martabali vakili moliyaviy sohadagi hamkorlikka alohida urg'u berib, O'zbekiston hukumati va kompaniyalari tomonidan London fond birjasida yevroobligatsiyalarning muvaffaqiyatli joylashtirilayotganini e'tirof etdi.

O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zo bo'lish jarayonida Buyuk Britaniya bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani alohida qayd etildi.

Tadbir davomida, shuningdek, O'zbekiston va Britaniya vakillari o'rtasida xalqaro kapitalni jalb qilish masalalarida ikki tomonlama muzokaralar ham tashkil etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish