O'zbekiston hayotidagi ijtimoiy-siyosiy voqealar Qozog'iston OAV diqqat markazida
Dekabr 14, 2024. 15:41 • 2 daq
• 137
OSTONA, 14-dekabr. /"Dunyo" AA/. Qozog'istonning "Infozakon" elektron nashrida O'zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarga bag'ishlangan maqolalar joylashtirildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Jumladan, "Konstitutsiya – erkin va farovon hayot kafolatidir" sarlavhali maqolada bu yil mamlakatda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayrami "Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!" degan bosh g'oya asosida keng nishonlanayotgani qayd etilgan. Yangi O'zbekiston hayotining turli sohalarida izchil davom etayotgan keng ko'lamli, qamrovdor va shiddatli islohotlar natijalarini mustahkamlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning o'rni va ahamiyati beqiyosdir.
"O'zbekiston Prezidentining "Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan huquqiy va adolatli davlat qurish yo'llarini keng ochib berdi", deb ta'kidlagani zamirida g'oyat ulug'vor haqiqatlar mujassam. Konstitutsiyamizda davlat va jamiyat taraqqiyotining huquqiy mafkurasi, xalqimiz Yangi O'zbekistonni bunyod etish yo'lida tayanadigan konstitutsiyaviy qadriyatlar va tamoyillar qat'iy belgilab berilgani bu fikrning yaqqol isbotidir", – deb yozgan muallif.
Mazkur nashrda e'lon qilingan "O'zbekiston uchun xalqaro va mintaqaviy terrorizmga qarshi bo'yicha hamkorlikda nima muhim" sarlavhali maqolada yozilganidek, O'zbekiston terrorizmga qarshi kurash bo'yicha ko'plab xalqaro konvensiya va protokollarga a'zo. "Mamlakat BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini qo'llab-quvvatlaydi va tegishli qo'mitalar ishida faol ishtirok etadi. Shuningdek, respublikaning so'nggi paytlarda BMTning ixtisoslashgan agentliklari, xususan, BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlik juda jadal rivojlanmoqda", – deyilgan.
Navbatdagi "O'zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasida suv xavfsizligini ta'minlash sohasida hamkorlik tarafdori" sarlavhali maqolada esa so'nggi yillarda suv xavfsizligini ta'minlash masalasi Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim ahamiyat kasb etayotgani ta'kidlangan.
"O'zbekiston tashqi siyosatining muhim yo'nalishlaridan biri aynan Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish masalaci bo'lib qolmoqda. Xususan, "O'zbekiston – 2030" strategiyasida Markaziy Osiyo mintaqasida amaliy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, shu jumladan, mintaqa davlatlari bilan turli yo'nalishlar, ayniqsa, ekologiya va tabiatni muhofaza qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish borasidagi yaqin hamkorlikni kuchaytirish (91-maqsad) hamda mamlakatimizda suv bilan bog'liq muammolarga bosqichma-bosqich yechimlar topish (62-73-maqsadlar) ustuvor maqsadlar sifatida qayd etilgan", – deyilgan manbada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi