Logo

O'zbekistonda tibbiyot sohasidagi zamonaviy yondashuvlar Ozarbayjon OAV nigohida

Oktabr 18, 2024. 11:38 • 2 daq

207
O'zbekistonda tibbiyot sohasidagi zamonaviy yondashuvlar Ozarbayjon OAV nigohida

BOKU, 30-oktabr. /"Dunyo" AA/. Ozarbayjonning ommabop "Новая эпоха" elektron nashrida "O'zbekiston tibbiyotida yangi yo'nalish – robot-jarrohlardan foydalanish yo'lga qo'yildi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda O'zbekistonda aholini sifatli tibbiy xizmatlar bilan har tomonlama qamrab olish yo'lida sog'liqni saqlash tizimi keng ko'lamli modernizatsiya qilinayotgani qayd etilgan. Jumladan, so'nggi 7 yilda sog'liqni saqlash tizimini moliyalashtirish hajmi 5,9 trillion so'mdan 33,5 trillion so'mga, ya'ni 6 barobarga oshdi. Shifoxonalar zamonaviy jihozlar bilan ta'minlanib, yangilari qurilmoqda.

Respublikada davolash muassasalarining salohiyati va imkoniyatlarini jahon standartlariga to'la javob beradigan yuksak darajaga olib chiqish sohadagi transformatsiya jarayonlarining bosh maqsadlaridan biri sifatida belgilangan. Shu boisdan bugun ilg'or va zamonaviy shifo maskanlarini tashkil etishga alohida e'tibor qaratilyapti. Bolalar milliy tibbiyot markazi, Milliy tibbiyot markazi, Kattalar va bolalar uchun mo'ljallangan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari – so'nggi yillarda qad rostlagan ana shunday muassasalardan.

"E'tiborlisi, O'zbekistonda jahon tibbiyotidagi yangi yo'nalish –robot-xirurgdan foydalanish yo'lga qo'yilgan, – deyilgan materialda. – Bunday robot uskunalar dunyoning sanoqli davlatlarida bor. Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan "Revo-i" rusumli ushbu robotning asosiy afzalligi shundaki, uning jarrohlik asboblari kichik o'lchamli va inson qo'liga qaraganda ancha katta diapazonda egilib, aylana oladi".

Qayd etilishicha, "temir-xirurglar" yordamida o'tkaziladigan operatsiyalar kam invaziv hisoblanib, jarroh robotni maxsus konsol yordamida boshqaradi va barcha jarayonlarni ekran orqali mayda detallarda ko'rishi mumkin. Shuningdek, robot-xirurg yordamida bajariladigan onkologik amaliyotlar o'simta yana takrorlanmasligi uchun uni butunlay olib tashlashi, asab tugunlariga va bemor hayotida muhim bo'lgan boshqa organlarga ta'sir qilmasligi, minimal qon yo'qotish bilan kechishi, bemorning amaliyotdan keyingi tiklanishi hamda butkul sog'ayishini tezlashtirishi bilan katta ahamiyatga ega.

"Jarrohlik amaliyoti xirurgdan yuqori darajadagi aniqlik va diqqatni talab etadi. O'zbekistonda mazkur robotdan foydalanish bo'yicha muayyan tajriba to'plangan. O'zbek mutaxassislari Janubiy Koreya va boshqa xorijiy mamlakatlarda mazkur texnologiya bo'yicha malaka oshirib kelgan", –deb yozilgan maqolada.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish