Logo

Tojikiston OAV: "Sharq taronalari" XIII xalqaro musiqa festivalida dunyoning 70 ga yaqin mamlakatidan ishtirokchi qatnashadi

Avgust 11, 2024. 06:46 • 2 daq

339
Tojikiston OAV: "Sharq taronalari" XIII xalqaro musiqa festivalida dunyoning 70 ga yaqin mamlakatidan ishtirokchi qatnashadi

DUSHANBE, 12-avgust. /"Dunyo" AA/. Tojikistonning ommabop "Avesta" axborot agentligi saytida "Samarqandda "Sharq taronalari" XIII xalqaro musiqa festivali bo'lib o'tadi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda ma'lum qilinganidek, YUNESKO shafeligida 26-30-avgust kunlari "Yer yuzining sayqali" deb nom olgan qadimiy va betakror Samarqand shahrida "Sharq taronalari" XIII xalqaro musiqa festivali bo'lib o'tadi.

"Sharq taronalari" XIII xalqaro musiqa festivalida dunyoning 70 ga yaqin mamlakatlaridan 300 nafardan ziyod vakil qatnashishi kutilmoqda", – deyiladi maqolada.

Qayd etilishicha, 27-28-avgust kunlari "Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg'unlashuv tamoyillari" mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o'tkazilishi rejalashtirilgan bo'lib, unda musiqashunos olimlar, ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari, musiqiy oliy ta'lim muassasalari professor-o'qituvchilari hamda tadqiqotchi-doktorant va magistrantlar ishtirok etadi.

Ta'kidlanganidek, ijodiy uyushmalar, jamg'armalar va boshqa tashkilotlarning mustaqil hay'at a'zolari va muxlislar e'tirofiga sazovor bo'lgan ishtirokchilar "Eng yosh ishtirokchi", "Muxlislar e'tirofiga sazovor bo'lgan eng yaxshi ishtirokchi", "Eng yaxshi cholg'u musiqasi ijrochisi" kabi nominatsiyalar bo'yicha maxsus diplom hamda 500 AQSh dollari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

"30-avgust kuni Samarqand shahrida "Sharq taronalari" XIII xalqaro musiqa festivalining tantanali yopilish marosimi o'tkaziladi. Unda g'oliblar nomi e'lon qilinib, taqdirlanadi", – deb yozgan "Avesta" agentligi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish