Logo

O‘zbekistonlik huquqshunoslar Buyuk Britaniyaning yuridik kasbni rivojlantirish borasidagi tajribasi bilan tanishdi

Mart 09, 2026. 14:00 • 2 daq

226
O‘zbekistonlik huquqshunoslar Buyuk Britaniyaning yuridik kasbni rivojlantirish borasidagi tajribasi bilan tanishdi

LONDON, 12-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston huquqshunoslaridan iborat delegatsiya Buyuk Britaniyaga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Delegatsiya tarkibidan O‘zbekiston Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, Advokatlar palatasi vakillari, shuningdek, mamlakatning yirik yuridik firmalari bo‘lgan “Prae Legal”, “Centil Law”, “My Lawyer” va “Legate” rahbarlari hamda vakillari o‘rin oldi.

Mazkur tashrif dasturi 1825-yilda tashkil etilgan “Law Society” Angliya va Uels yuridik jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tashkilot Angliya va Uelsning 200 mingdan ortiq advokatlarini birlashtiradi, ularni qo‘llab-quvvatlaydi va huquqni isloh qilish masalalari bo‘yicha maslahat organi sifatida faoliyat yuritadi.

Dastur doirasida Buyuk Britaniya va O‘zbekistondagi yuridik hamjamiyatni tartibga soluvchi va ifodalovchi institutlar faoliyati masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, tashrif davomida uzluksiz kasbiy rivojlanish tajribasi, kasbiy etika va intizomiy javobgarlik tizimi o‘rganildi. Yosh huquqshunoslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy va yetakchilik salohiyatini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbir ishtirokchilari xalqaro yuridik xizmatlar bozori, unga kirish shartlari va xorijiy yuristlar malakasiga qo‘yiladigan talablar yuzasidan fikr almashdilar.

Britaniya tomoniga O‘zbekistonda Xalqaro tijorat sudini tashkil etish istiqbollari, shuningdek, Toshkent xalqaro arbitraj markazi faoliyati haqida batafsil maʼlumot berildi. Bundan tashqari, delegatsiya aʼzolari Londondagi mashhur Qirollik sudlari majmuasida bo‘lib, Angliya va Uels sud tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Muloqot yakunida tomonlar qonun ustuvorligini mustahkamlash, huquqshunoslar salohiyatini oshirish va xalqaro huquqiy hamkorlikni izchil rivojlantirish bo‘yicha kelishib oldilar.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish