Belgrad va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi
Fevral 21, 2026. 13:00 • 1 daq
• 117
BELGRAD, 21-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Serbiyaga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari Belgradda Serbiya Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – Moliya vaziri Sinisha Mali, Qurilish, transport va infratuzilma vaziri Aleksandra Sofroniyevich, “Serbian Railways Infrastructure” direktori Zoran Yevtich, “Air Serbia” kompaniyasi bosh direktori Yirji Marek bilan muzokara o‘tkazdi.
Muloqot davomida temir yo‘l infratuzilmasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlarni rivojlantirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.
Serbiya tomoni temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish, shu jumladan, hamkorlikni yana-da rivojlantirish va umumevropa transport yo‘laklariga integratsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshirilayotgani haqida maʼlumot berdi.
O‘zaro hamkorlikning amaliy formatiga o‘tish va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda O‘zbekiston tomoni ishtirokining aniq mexanizmlarini ishlab chiqishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani taʼkidlandi.
Belgrad va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni rivojlantirish, ikki mamlakat aviakompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni, mumkin bo‘lgan sheriklik formatlarini kengaytirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy muloqotni kengaytirish, tegishli tuzilmalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga o‘tishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
