Bursada Amir Temur tavalludining 690 yilligi nishonlandi
Aprel 10, 2026. 18:08 • 2 daq
• 40
BURSA, 10-aprel. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning Bursa Uludag universitetida (BUÜ) Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazi hamda O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi hamkorligida “O‘zbekiston madaniyati va turizmi kuni” tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tantanali tadbir buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlandi. Anjuman ishtirokchilari Sohibqiron merosining turkiy xalqlar birdamligidagi strategik o‘rnini alohida eʼtirof etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan markaz rahbari Surayyo Xo‘jayeva 2026-yil turkiy dunyo uchun muhim palla bo‘lishini taʼkidlab, Zahiriddin Muhammad Bobur tug‘ilgan ona tuproq — Andijon shahri “2026-yilgi Turkiy dunyo madaniyat poytaxti” etib belgilanganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
O‘zbekiston elchixonasi diplomati Rustam Narbayev Turkiyada taʼlim olayotgan o‘zbekistonlik yoshlarni nafaqat talaba, balki ikki davlat o‘rtasidagi madaniyat elchilar deb atadi. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik eng yuqori bosqichga ko‘tarilgani, Buxoro, Samarqand va Xiva kabi shaharlarning meʼmoriy jozibasini o‘zida jamlagan Islom sivilizatsiyasi markazi kabi yirik loyihalar turkiy xalqlarning umumiy iftixori ekani taʼkidlandi.
Tadbirning amaliy qismida ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm va akademik hamkorlik izchil rivojlanayotgani qayd etildi. Xususan, Bursadan O‘zbekistonning muqaddas qadamjolariga sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshgani, universitetlar o‘rtasidagi onlayn til kurslari va talabalar almashinuvi yangi imkoniyatlar eshigini ochayotgani aytib o‘tildi.
Bayram dasturi O‘zbekiston Prezidentining madaniy merosga bag‘ishlangan nutqi aks etgan videoroliklar namoyishi bilan davom etdi. Tadbir yakunida o‘rnatilgan anʼanaviy o‘zbek chodirida mehmonlarga mashhur o‘zbek palovi tortiq qilindi. Ushbu madaniy kecha O‘zbekistonning boy sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib qilish va qardosh xalqlar o‘rtasidagi maʼnaviy ko‘priklarni yana-da mustahkamlashga xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi