Logo

O‘zbekiston Lesoto bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi

Mart 28, 2026. 11:00 • 2 daq

77
O‘zbekiston Lesoto bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi

NYU-YORK, 28-mart. /“Dunyo” AA/. 2026-yil 27-mart kuni Nyu-York shahrida O‘zbekiston va Lesoto o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommyunike imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Lesoto Qirolligi O‘zbekiston diplomatik aloqalar o‘rnatgan 166-mamlakat bo‘ldi. Ikki davlat hukumatlari nomidan hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va Lesotoning BMTdagi missiyasi rahbari Matete Nena imzoladi.

Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan idoralari doirasida yaqin hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etildi. Ikki tomonlama aloqalarni davom ettirish, birinchi navbatda, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini izlab topish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ushbu hujjatning imzolanishi O‘zbekistonning Afrika qitʼasi mamlakatlari bilan har tomonlama hamkorligini kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 26-sentyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Palau davlat vaziri Gustav Aytaro Nyu-York shahrida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommyunike imzolagan edi. Tinch okeanining g‘arbiy qismida joylashgan ushbu arxipelag-davlat O‘zbekiston diplomatik aloqalar o‘rnatgan 165-mamlakat bo‘lgan edi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish